Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar dinamikasiga mos ravishda aholini ijtimoiy himoyalash, samarali ijtimoiy siyosat yuritishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu boradagi chora-tadbirlarni hayotga tatbiq etishda, avvalo, maʼnaviy, axloqiy qadriyatlarimiz, tarixiy anʼanalarimiz, milliy ruhiyatimizga mos yoʻldan borilayotgan boʻlsa, ikkinchi tomondan, jahon tajribasiga, rivojlangan mamlakatlar erishgan yutuqlarni oʻzlashtirishga urgʻu berilayotir.
“Inson qadri uchun” ezgu gʻoyasi atrofida birlashib, yuksak maqsad – demokratik va erkin yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlida sobitqadamlik bilan amalga oshirilayotgan keng qamrovli va jadal islohotlarni xalqimiz har tomonlama qoʻllab-quvvatlayotgani quvonarlidir.
Yurtimizda mustaqillik yillarda yaratilgan milliy ijtimoiy taʼminot tizimi doirasida fuqarolarning moddiy va pensiya taʼminotini yaxshilash, ularga ijtimoiy xizmat koʻrsatish, uy-joy bilan taʼminlash, bolalar va nogironligi bor shaxslar huquqlarini kafolatlashga oid qonunlar va boshqa meʼyoriy hujjatlar qabul qilindi. Ehtiyojmand oilalar uchun manzilli qoʻllab-quvvatlash choralari ishlab chiqildi va amalga oshirildi.
Ushbu sohaning rivojlanish jarayoni davlat va jamiyat imkoniyatlarini hisobga olgan holda bosqichma-bosqich izchil amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda gender tenglik, boqimandalik va ijtimoiy adolat haqidagi zamonaviy qarashlarga zid boʻlgan meʼyorlarga bosqichma-bosqich barham berilyapti. Shu taxlit oʻtkazilgan islohotlar natijasida jamiyatning ehtiyojmand qismi davlat ijtimoiy himoya tizimiga kiritilgan boʻlib, unda davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning asosiy usuli sifatida daromadlar miqdori koʻpaytirilishi hamda fuqarolarga moddiy koʻmak berilishi koʻzda tutilgan. Shunisi ham eʼtiborliki, mamlakatimizda boshqa davlatlardagi kabi barqarorlashtirish aholi daromadlarini cheklash hisobiga emas, balki ijtimoiy adolat prinsiplariga tayangan holda manzilli yangi ijtimoiy yordam mexanizmlarini yaratish orqali, iqtisodiy vaziyat va imkoniyatlar eʼtiborga olingan holda amalga oshirilib kelinyapti.
Bozor munosabatlari tomon harakat qilingan sari ijtimoiy siyosatning ustuvor jihatlari, aholiga ijtimoiy koʻmak berish va uni himoya qilish choralari ham oʻzgarib boradi. Bugungi kunga kelib ijtimoiy siyosatni amalga oshirishda yangi bosqich, yaʼni ijtimoiy himoyalash vositasini chuqurlashtirish, uni oʻzgarib borayotgan zamon talablariga, sharoitga moslashtirish zaruriyati yuzaga keldi.
Taʼkidlash joizki, yurtimizda ijtimoiy davlatga xos boʻlgan xususiyatlarni oʻzida mujassam etgan harakatlar amalga oshirilmoqda. Xususan, kambagʻallik mavjudligi tan olindi va uni kamaytirish bilan bogʻliq boʻlgan davlat organi tashkil etildi. Ijtimoiy yordamning yangi shakllari joriy qilindi va moddiy-ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash koʻlami bir necha barobar koʻpaytirildi. Ushbu islohotlarni oʻzida mujassamlashtirgan aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini rivojlantirish boʻyicha ustuvor yoʻnalishlarni va kompleks chora-tadbirlarni belgilab olgan 2030-yilgacha moʻljallangan strategiya qabul qilindi. Ushbu hujjat bilan milliy ijtimoiy himoya siyosatining keyingi rivojlanish yoʻnalishlari belgilab berildi. Ijtimoiy sugʻurta jamgʻarmasi tashkil etilgan holda, bu sohadagi masalalarda yangicha yondashuv belgilandi.
Aslida oʻzining huquqiy tabiatiga koʻra sugʻurtalash aholini ijtimoiy himoyalash tizimining tarkibiy elementi hisoblanadi va bu tizimda aholining bevosita ishtirokini nazarda tutadi. Davlatning odamlar uchun munosib turmush darajasini yaratish, barcha uchun teng imkoniyatlar belgilashi, oilalar, bolalar, ayollar, qariyalar, nogironligi bor shaxslarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga oid vazifalari yangi tahrirdagi Konstitutsiyada ham oʻz aksini topdi.
Bugungi kunda mamlakatimizda boʻlib oʻtayotgan demokratik jarayonning eng muhim bosqichi boʻlmish muddatidan ilgari Prezidentlik saylovida aholini ijtimoiy himoyalash masalalari ustuvor oʻringa qoʻyilgani eʼtiborlidir. Siyosiy partiyalardan koʻrsatilgan nomzodlar oʻz Saylovoldi dasturlarida mamlakatimizda kambagʻallikni qisqartirishga qaratilgan siyosatni izchil davom ettirish bilan bogʻliq boʻlgan bandlik, nogironligi bor boʻlgan shaxslarga va pensionerlarga qoʻshimcha yordam koʻrsatish, ijtimoiy xizmatlar va nafaqalar koʻlamini yanada kengaytirish, ijtimoiy adolat, ijtimoiy tenglik mezonlariga mos keladigan demokratik ijtimoiy davlatni barpo etish, kuchli ijtimoiy siyosat yuritish yoʻnalishlarida qator taklif va tashabbuslarni ilgari surmoqda.
Dunyo amaliyotida ijtimoiy davlat maqomiga ega davlatlar iqtisodiy jihatdan yuqori darajada rivojlangan. Davlatning boshqaruv tizimi ijtimoiy yoʻnaltirilgan, fuqarolik jamiyati har tomonlama shakllangan, davlat tomonidan turli ijtimoiy dasturlarni amaliyotga joriy etish tajribasi tizimlashtirilgan. Shu bilan birga, mazkur mamlakatlar har bir fuqarosiga munosib turmush sharoitini taʼminlash, yashash uchun teng sharoitlar yaratish hamda oʻz fuqarolari oldida koʻplab ijtimoiy maʼsuliyatni oʻz zimmasiga oladi.
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda ham bu borada keng qamrovli islohotlar amalga oshirilyapti. Aholini ijtimoiy ximoya qilish tizimida ilgʻor xalqaro standartlarga asoslangan mutlaqo yangi boshqaruv tizimini joriy etish maqsadida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etildi. Davlat tomonidan fuqarolarga ijtimoiy xizmat koʻrsatish koʻlami va turlarini kengaytirish, tizim samaradorligi va manzilliligini oshirish orqali aholining koʻmakka muhtoj qatlami ijtimoiylashuvini taʼminlash, aholining ijtimoiy sugʻurta mexanizmlari bilan qamrab olinishini kengaytirish masalalarini hal etish Agentlikning ustuvor vazifasi etib belgilandi.
Ilgʻor xorijiy mamlakatlarda ijtimoiy davlat tamoyillari qanday hal etilgani borasidagi tahlillar shuni koʻrsatadiki, dunyoda ijtimoiy sugʻurta tizimi keng rivojlangan boʻlib, aholi turmushini yaxshilashda aynan sugʻurta tamoyilidan foydalanilgan. Umuman olganda, dunyoda mavjud pensiya tizimlarining turli modellari sugʻurta xizmatlariga bogʻlanganini koʻramiz. Ular uchta asosiy strategiyaga asoslangan, yaʼni, solidar, jamgʻarib boriladigan va aralash. Birinchisi – pensionerlarning minimal darajadagi hayotini taʼminlashga qaratilgan, keyingi ikkitasi esa – majburiy va ixtiyoriy sugʻurta tamoyillariga tayangan. Eng yuqori miqdorda pensiya toʻlanadigan sugʻurta toʻlovlari nazarda tutilgan pensiya tizimi mavjud boʻlgan ilgʻor davlatlar roʻyxatiga Niderlandiya, Daniya, Shvetsiya, Singapur, Norvegiya, Avstraliya davlatlari kiradi. Ularda nodavlat korporativ va ixtiyoriy sugʻurtalash davlat ijtimoiy siyosatiga integratsiya qilingan.
Ijtimoiy himoya davlatimiz tomonidan yuritilayotgan ijtimoiy siyosatning ham muhim va ustuvor yoʻnalishlaridan boʻlganligi sababli, uning huquqiy asoslari ushbu ustuvorlikka toʻla mos boʻlishi zamon talabidir. Yurtimizda roʻy berayotgan bugungi muhim siyosiy jarayonlarda xalqimiz bu borada yuksalishga asos boʻladigan yangi-yangi reja va dasturlarni kutayotganiga shubha yoʻq. Tabiiyki, xalqimizning ana shunday intilishi va orzu-niyatlarini roʻyobga chiqarish, har bir insonning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini himoya etish, kafolatli daromad manbai, tibbiy xizmat va uy-joy, sifatli taʼlim bilan taʼminlash, kambagʻallikni qisqartirish va ehtiyojmand aholini ijtimoiy muhofaza qilish borasidagi islohotlar yanada takomillashadi. Shuningdek, yurtimiz taraqqiyotini yangi bosqichga koʻtarishga mustahkam poydevor boʻladi.
Gulnoza SATTOROVA,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti xuzuridagi
Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti bosh ilmiy xodimi,
yuridik fanlar nomzodi.









