Forum “Gumanitar hamkorlik: oʻttiz yillik tajriba va rivojlanish istiqbollari” mavzuiga bagʻishlanib, bir qancha dolzarb yoʻnalishlar boʻyicha maʼruzalar qilinmoqda, fikr-mulohazalar, takliflar bildirilmoqda. Bunday muloqotlar, albatta, kerak. Chunki bir-birimiz bilan yuzma-yuz uchrashamiz, oʻzaro tajriba almashib, istiqbol rejalarini belgilab olamiz.

Men shu oʻrinda Oʻzbekiston va Qozogʻiston rahbarlari saʼy-harakati bilan soʻnggi yillarda oʻzbek va qozoq xalqlari oʻrtasidagi doʻstlik hamda qardoshlik munosabatlari yaxshi qoʻshnichilik va strategik hamkorlik asosida yangi bosqichga koʻtarilib borayotganini alohida taʼkidlashni istardim. Bizni umumiy tarix, madaniy qadriyatlar, anʼana va urf-odatlar birlashtirib turadi. Xalqlarimizning Abu Rayhon Beruniy, Abu Nasr Forobiy, Xoʻja Ahmad Yassaviy, Bahouddin Naqshband, Alisher Navoiy, Abay Qoʻnonboyev kabi ulugʻ namoyandalari va boshqa koʻplab atoqli olimlar, mutafakkir va shoirlar merosi umumiy boyligimizdir.

2018-yilda Qozogʻistonda Oʻzbekiston yili deb eʼlon qilingan edi. Ushbu sana doirasida madaniyat, sanʼat, adabiyot, ilm-fan, turizm va boshqa sohalarda 100 dan ziyod tadbir oʻtkazildi. Teatr va folklor jamoalari, estrada xonandalarining ijodiy safarlari uyushtirildi. Qator shaharlarimizda oʻzbek adabiyoti, kinosi kunlari tashkil etildi.

2019-yilda Oʻzbekistonda Qozogʻiston yili muvaffaqiyatli oʻtkazildi. Uning doirasidagi tadbirlar sanʼat, fan, taʼlim va tadbirkorlik sohalari vakillariga oʻzaro manfaatli aloqalarni yoʻlga qoʻyish, bilim va tajriba almashish uchun yangi ufqlar ochdi. Qardosh xalqlarimiz madaniy aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.

Mamnuniyat bilan qayd etish joizki, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Oʻzbekistonda buyuk qozoq shoiri va mutafakkiri Abay Qoʻnonboyev ijodiy merosini keng oʻrganish va targʻib qilish borasida ibratli ishlar amalga oshirilmoqda. Toshkentning markaziy koʻchalaridan biri Abay nomida ekani, Qozogʻistonning Oʻzbekistondagi elchixonasi binosi oldida buyuk shoirning muhtasham haykali qad rostlab turganini yaxshi bilamiz. Ayni paytda Qozogʻistonda ulugʻ mutafakkir Alisher Navoiy merosini oʻrganishga qiziqish va eʼtibor yuqori.

Yaqinda Qozogʻistonda tashkil etilgan Oʻzbekiston madaniyati kunlari oʻzaro doʻstona munosabatlarimiz barqaror ekanini yana bir karra tasdiqladi.

Men TURKSOY Bosh kotibi sifatida faoliyat koʻrsatgan davrimda Oʻzbekiston ushbu tuzilma doirasidagi qator tadbirlarda faol ishtirok etganini alohida mamnuniyat bilan yodga olaman. Bugun ham bu anʼana izchil davom etmoqda. TURKSOYning maqsadi oʻziga xos qadriyatlar, madaniy merosni keng targʻib qilish orqali xalqlar oʻrtasidagi birodarlik va doʻstlikni mustahkamlashdan iborat. Bu borada mamlakatingiz oʻz sanʼati va madaniyati bilan turkiy dunyoda alohida oʻrin tutadi.

Muxtasar aytganda, yangi Oʻzbekistonning jadal taraqqiy etib borayotganini har qancha eʼtirof etsak arziydi. Niyatimiz, oʻzbek va qozoq xalqlarining doʻstligi, ahilligi abadiy boʻlsin!

Dyusen Kaseinov,

Qozogʻistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi