Ushbu safar O‘zbekiston elchisi Ravshan Usmonovning 11 oktyabr kuni Kuala-Lumpur meriyasi rahbariyati bilan uchrashuvi yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.

Malayziya delegatsiyasi Samarqand shahri hokimi Fazliddin Umarov bilan uchrashdi. Shuningdek, Samarqand kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tantanalarda ishtirok etgani barobarida yangi tashkil etilgan «Buyuk Ipak yo‘li» xalqaro sayyohlik markazida bo‘ldi.

Muloqot chog‘ida Malayziya tomoniga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, shuningdek, Samarqand shahrining tarixi, jumladan, mamlakatimiz hukumati tomonidan shahar tarixini chuqur o‘rganish, asrab-avaylash hamda respublikaning boy madaniy merosini, ko‘p asrlik meʼmorchilik anʼanalarini targ‘ib qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan kompleks chora-tadbirlar haqida batafsil maʼlumot berildi.

Xayrul Ahmod bin Mohd Juri pandemiyaning boshqa mamlakatlar iqtisodiyoti va turizm sanoatiga salbiy oqibatlari ayon bo‘lib turgan bir sharoitda O‘zbekiston hukumati respublikaning turizm infratuzilmasini rivojlantirish va modernizatsiya qilish bo‘yicha ko‘rayotgan chora-tadbirlariga yuqori baho berdi. Shu munosabat bilan, Kuala-Lumpur merining o‘rinbosari Samarqand shahrida «Buyuk Ipak yo‘li» xalqaro sayyohlik markazining ochilgani bilan tabrikladi, bu  qadimiy shaharning Yangi O‘zbekistonning turistik darvozasi sifatidagi maqomini mustahkamlashga o‘z hissaasini qo‘shajagini bildirdi.

Malayziya tomoni Kuala-Lumpur va Samarqand o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarni, jumladan, meva-sabzavot, to‘qimachilik, hunarmandchilik va boshqa mahsulotlarni, shuningdek, sayyohlikni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdor ekanligini taʼkidladi.

Tashrif yakunlari bo‘yicha Samarqand va Kuala-Lumpur shaharlari maʼmuriyatlari o‘rtasida yuqorida qayd etilgan yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qilish uchun ishchi aloqalarni izchil davom ettirish yuzasidan kelishuvga erishildi.