Sudlar faoliyatini tartibga solish, uni yangi bosqichga koʻtarish huquqiy davlat qurish yoʻlidagi asosiy vazifalardan biri. Shu bois soʻnggi yillarda sudlar faoliyatini qayta koʻrib chiqish, uning davlat nomidan yakuniy qaror qabul qilish, nizolarni hal etish samaradorligini oshirish masalasida bir qancha qonuniy hujjatlar qabul qilindi. 2020-yilning ikkinchi yarmida Prezidentimizning sudlar faoliyatini tartibga solishga qaratilgan uchta farmoni va qarori qabul qilindi.

Prezidentimizning 2020-yil 24-iyuldagi “Sudlar faoliyatini yana-da takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoniga asosan sudlarning oʻrta boʻgʻini, yaʼni Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri boʻyicha fuqarolik, jinoyat va iqtisodiy sudlarni oʻz ichiga olgan umumyurisdiksiya sudlari tashkil etildi. 14 ta maʼmuriy-hududiy birlikda uchta ixtisoslikdan iborat yagona umumyurisdiksiya sudi, sodda qilib aytganda, yagona viloyat sudi faoliyat yuritadi.

Tuman (shahar) maʼmuriy sudlari qisqartirilib, tumanlararo, tuman (shahar) maʼmuriy sudlari sifatida qayta tashkil etiladi. Shu paytga qadar maʼmuriy sudlar tomonidan koʻriladigan maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlar endi jinoyat sudlariga oʻtkazilishi belgilandi. Albatta, bu oʻzgarish nafaqat sudlar faoliyati, balki fuqarolar uchun ham qulaylik yaratadi. Prezidentimiz farmoni bilan “bir sud — bir instansiya” tamoyili joriy etilib, buning asosida 2021-yildan boshlab sudlar muayyan nizo yuzasidan ishlarni faqat bitta instansiyada koʻrishi tartibi joriy etildi. Shuningdek, nazorat instansiyasi bekor qilindi. Ushbu farmon sudlarda qayta koʻrib chiqilishi lozim boʻlgan koʻplab holatlarni oʻzgartirishni maqsad qilgan. Bu, oʻz navbatida, sud hokimiyatining samarali ishlashi, nizolarni hal etishdagi oʻrnini yana-da mustahkamlaydi.

Raqamli texnologiyalarni sudlov faoliyatiga joriy qilish bugungi kunning muhim vazifasidir. Ayni shu maqsadda 2020-yil 3-sentyabrda Prezidentimizning “Sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Qarorda raqamli texnologiyalarni sud faoliyatiga jalb etish qoniqarli emasligi tanqid qilinib, mazkur qaror asosida sudlar tomonidan fuqarolar va tadbirkorlarga koʻrsatiladigan interaktiv xizmatlar turini kengaytirish vazifasi qoʻyildi.

2020-yil 7-dekabrda Prezidentimizning “Sudyalarning chinakam mustaqilligini taʼminlash hamda sud tizimida korrupsiyaning oldini olish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi. Ushbu farmon asosida sud faoliyati bilan bogʻliq juda koʻp ijobiy oʻzgarishlar amalga oshirildi. Xususan, mamlakatimizda sudyalar mustaqilligini taʼminlash, malakali kadrlarni tanlash, sudyalik kasbiga tayyorlash va tayinlash tizimini takomillashtirish, fuqarolarning odil sudlovga boʻlgan ishonchini oshirish boʻyicha izchil ishlar olib borilyapti. Sud hokimiyati tizimida korrupsiya holatlarini keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlarni chuqur oʻrganish va tahlil qilish, korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish tizimini samarali yoʻlga qoʻyish, sud tizimini malakali va halol kadrlar bilan toʻldirish, sud organlari faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining sud hokimiyatiga boʻlgan ishonchini yana-da oshirish borasida yangi qoida va meʼyorlar zarurligi belgilandi.

Yuqoridagi qonuniy hujjatlarda belgilangan koʻplab vazifa va masalalar “Sudlar toʻgʻrisida”gi qonunda oʻz aksini topdi. Jumladan, sud tizimi, sudyalar korpusini shakllantirish, Oliy sud raisi oʻrinbosarlari — sudlov hayʼatlarining raislari vakolati aniq belgilandi. Nazorat instansiyasi butunlay chiqarib tashlandi. Oliy sud plenumi kotibiyati vazifalari belgilandi. Maʼmuriy sudlar faoliyati qonun asosida tartibga solindi. Bundan tashqari, jinoiy va harbiy sudlarda ish koʻrilayotganda ishtirok etadigan xalq maslahatchilarini tayinlash va ularning sud jarayonida qatnashish masalasi tartibga solindi. Yangi qonunda sudyalar daxlsizligi bilan bogʻliq masalalar ham aks etdi.

Qonunning eʼtiborli jihatlaridan yana biri shundan iboratki, sudyalik lavozimiga saylanadigan, tayinlanadigan shaxslarga qoʻyiladigan baʼzi talablar oʻzgardi. Endi yuridik ixtisoslik boʻyicha kamida oʻn besh yillik ish stajiga, shu jumladan, qoida tariqasida sudya sifatida kamida yetti yillik ish stajiga ega boʻlgan shaxs Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasi, yuridik ixtisoslik boʻyicha kamida oʻn yillik ish stajiga, shu jumladan, qoida tariqasida sudya sifatida kamida ikki yillik ish stajiga ega boʻlgan shaxs Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi maʼmuriy sudining, viloyat, Toshkent shahar sudining, viloyat, Toshkent shahar maʼmuriy sudining sudyasi, yuridik ixtisoslik boʻyicha kamida yetti yillik ish stajiga ega boʻlgan shaxs tumanlararo, tuman, shahar sudining, hududiy harbiy sudning sudyasi boʻlishi mumkin. 2000-yil 14-dekabrda qabul qilingan “Sudlar toʻgʻrisida”gi qonunga koʻra, ish stajiga qoʻyilgan talab tartib boʻyicha oʻn, yetti va besh yil qilib belilangan edi. Bu ushbu lavozimga yetarli hayot tajribasi va faoliyatga ega nomzodlarni tayinlash imkonini beradi.

Qonunning, ayniqsa, 86-moddasi alohida ahamiyatga ega. Ushbu moddada mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilik, xususan, sudyalarning mehnat faoliyati bilan bogʻlik koʻplab masalalar aks etgan.

“Sudlar toʻgʻrisida”gi yangi qonun avvalgilariga nisbatan hajm jihatdan ham farq qiladi. Bu, albatta, bejiz emas. Qonunga ilova sifatida “Harbiy sudlar faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi, “Sudyalarning malaka darajalari toʻgʻrisida”gi hamda “Sud tizimi xodimlarining mansab darajalari toʻgʻrisida”gi nizom ham qabul qilingan.

Xulosa qilib aytganda, sud hokimiyatini tartibga solishga qaratilgan ushbu qonun avvalgilariga nisbatan keng qamrovli, tushunarli va sud faoliyatiga oid qonunosti hujjatlar normalarini oʻzida jamlagani bilan alohida ajralib turadi. Shuningdek, u sohadagi ijtimoiy munosabatlarni tartibga solish samaradorligini yangi bosqichga olib chiqadi.

Gulchehra TOʻLAGANOVA,

TDYUU professori

Saddam QODIRALIYEV,

TDYUU oʻqituvchisi