“Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilinishi lozim bo'lgan shaxslar – O'zbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining ro'yxati to'g'risida”gi Qonuni shular jumlasidandir. Prezidentimiz ushbu Qonunni imzoladi.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 22 apreldagi “Doimiy propiska qilish hamda turgan joyi bo'yicha hisobga olish tartibini isloh qilish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Farmonida belgilab berilgan vazifalar mazkur Qonunda o'z aksini topgan.
Qonun bilan shu vaqtga qadar amalda bo'lgan “propiska” so'zi olib tashlandi. Sababi, u ma'naviy eskirgan atama bo'lib, “to'sqinlik qiluvchi”, “bir joyga bog'lanish”, “erkinlikni cheklovchi” kabi tushunchalarni keltirib chiqarayotgan edi. endilikda “doimiy propiska” degan so'zlar “yashash joyi bo'yicha ro'yxatga olish” so'zlariga almashtirildi.
YAna bir jihat, fuqarolar birinchi va ikkinchi darajadagi qarindoshlarini nafaqat o'zi yashab turgan, balki egaligida bo'lgan boshqa uy-joy maydoniga doimiy ro'yxatga qo'yish imkoniyati yaratildi.
Bundan tashqari, er-xotinning nikohdan keyin bir yil davomida birgalikda yashash sharti va bir yil ichida nikoh bekor qilingan taqdirda, “propiska”ni yo'qotish bo'yicha qoida bekor qilingan. endilikda er-xotinga nikohdan o'tgan kunning o'zida yashash joyi bo'yicha doimiy ro'yxatga qo'yish huquqini beradi. Bu esa oila degan muqaddas qo'rg'onning mustahkamlanishiga yana bir huquqiy asos bo'ldi.
SHu bilan birga, lavozim bo'yicha respublikaning boshqa hududlariga ishlash uchun ketib, doimiy ro'yxatdan chiqqanlarga qaytadan Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga doimiy ro'yxatga olish imkoniyati berildi. Bu esa, o'z navbatida, barcha hududlarning birdek rivojlanishiga yaxshi samara beradi, desak mubolag'a emas.
YAna bir jihat, Oliy Majlis palatalari, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi tomonidan yoxud O'zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgan holda lavozimlarga saylangan, tayinlangan, tasdiqlangan fuqarolar hamda davlat hokimiyati organlariga, davlat va xo'jalik boshqaruvi organlariga, respublika ahamiyatiga molik boshqa davlat tashkilotlariga ishga taklif etilayotgan yuqori malakali mutaxassislar, tor ixtisoslikdagi mutaxassislar, shuningdek, ularning oila a'zolari belgilangan tartibda doimiy propiska qilingandan so'ng, ular boshqa ishga o'tishi yoki lavozimdan ozod etilishi yashash joyi bo'yicha doimiy ro'yxatdan chiqarilishga olib kelishiga oid qoida chiqarib tashlangan.
SHu bilan birga, mazkur Qonunga yangi band ham kiritildi. Unga ko'ra, davlat hokimiyati organlarida, davlat va xo'jalik boshqaruvi organlarida hamda boshqa davlat tashkilotlarida uzluksiz besh yil va undan ortiq bo'lgan davr mobaynida mehnat faoliyatini olib borayotgan xodimlar (texnik, xizmat ko'rsatuvchi va ishlab chiqarish xodimlaridan tashqari) tegishli organ yoki tashkilot rahbarining ma'lumotnomasiga ko'ra, shuningdek, ularning oila a'zolariga doimiy ro'yxatga turish imkoni berildi.
Muxtasar qilib aytganda, mazkur Qonunning qabul qilinishi yillar davomida qiynalib kelayotgan ko'plab yurtdoshlarimiz oilalariga xursandchilik olib kirishi bilan bir qatorda ularning erkin ko'chib yurish sohasidagi huquqlarini yana bir bor mustahkamlaydi.
Farhod BOQIEV,
Oliy Majlis Senati a'zosi