Mazkur hujjatga muvofiq, 2024-yil 1-maydan boshlab har bir hududda kuchli zilzilada aholini qutqarish ishlariga jalb etish uchun volontyorlik guruhlari shakllantiriladi.
2024-yil 1-iyundan boshlab:
- 8 va undan yuqori ballik seysmik faol zonalarda yangi qurilishi rejalashtirilayotgan 5 qavatdan yuqori tibbiyot obyektlari hamda 9 qavatdan yuqori binolarni aktiv seysmik himoyalash qurilmalari, shu jumladan, seysmoizolyatsiya va dempfer uskunalari bilan loyihalashtiriladi;
- yangi qurilishi rejalashtirilayotgan xavflilik omili III – IV toifa boʻlgan obyektlarda gaz va elektr tarmoqlarini kuchli zilzila paytida avtomatik bloklash tizimi bilan loyihalashtiriladi;
- yaqin kelajakda kutilayotgan kuchli zilzila xavfi bor hududlarni aniqlash amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi.
2024-yil 1-iyulga qadar texnik holati qoniqarsiz deb topilgan mavjud bino va inshootlarni “kompensatsion inyeksiya texnologiyasi orqali mustahkamlash va deformatsiyani oldingi holatiga qaytarish” uslubi orqali qayta tiklash ishlari eksperiment tariqasida amalga oshiriladi.
2024-yil 1-iyuldan boshlab MSK-64 shkalasi boʻyicha 5 va undan yuqori ballik yer silkinishi sodir boʻlganda bino va inshootlarning holati boʻyicha yuk koʻtaruvchi konstruksiyalarni avtomatik monitoring qilish uskunalaridan olingan maʼlumotlar tezkor ravishda tahlil etiladi, deb xabar beradi “Norma”.