Kun tartibida soliq toʻlovchilarni hisobga olishni soddalashtirish, savdo va xizmatlar koʻrsatish sifatini oshirish hamda aholi bandligini taʼminlashni Boʻstonliq tajribasida oʻrganish boʻldi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 20-fevraldagi 107-sonli qarori bilan 2020-yil 1-maydan 2021-yil 1-maygacha mazkur hududda tajriba tariqasida soliq solish obyektlarini hisobga olish va soliq maʼmuriyatchiligining alohida tartibi joriy etildi.

Mohiyat nimada?

Toshkent viloyati yuqori sayyohlik salohiyatiga ega mintaqa. Mahalliy va chet ellik sayyohlar uchun orombaxsh manzillarning katta qismi aynan Boʻstonliq tumanida joylashgan. Shu sababli tajriba uchun aynan mazkur tuman tanlangan.

Tajriba davrida jismoniy shaxslar tomonidan ijaraga beriladigan dam olish uylari, dala hovli va yashash uchun moʻljallangan turar joylar, shuningdek, suv transporti, suv mototsikllari, qorda yuradigan texnika vositalari, kvadratsikllar, paraplan va deltaplanlar, supa, soʻri va shunga oʻxshash dam olish obeʼktlari jismoniy shaxslarning daromad manbai sifatida roʻyxatga olindi.

Buning uchun Boʻstonliq tumanining Gʻazalkent shahri, “Doʻstlik”, “Sijjak” va “Novobod” mahalla fuqarolar yigʻini hududlarida 4 ta soliq tayanch punkti tashkil etildi. Ushbu punktlarga maxsus oʻquv kurslarida malaka oshirgan 30 nafar soliq xizmati xodimlari biriktirildi.

Soliq tayanch punktlarida faoliyat yuritadigan xodimlar qarorda koʻrsatilgan va soliqqa tortiladigan koʻchar yoki koʻchmas mulk obyektlarini hisobini yuritadi. Jismoniy shaxslar hisobdan oʻtib, dam olish obyektlarini maxsus guvohnoma asosida ijaraga bermoqda. Mazkur guvohnoma soliq tayanch punktlari tomonidan mulk egalariga bepul taqdim etildi. Guvohnomaning mavjudligi ijarachi faoliyatining qonuniyligini bildiradi.

Hududdagi barcha inspektorlar onlayn ishlaydigan maxsus qurilmalar bilan taʼminlangan. Soliqlarni toʻlash tizimini raqamlashtirish birinchi navbatda soliq toʻlovchilarning ehtiyoj va imkoniyatlariga qaratilgan. Mexanizm qanchalik qulay va sodda boʻlsa, har bir fuqaro uchun davlat oldidagi barcha soliq majburiyatlarini oʻz vaqtida bajarish shunchalik oson boʻladi. “Soliqlarni avtomatlashtirilgan yigʻish tizimi” – “SAYT” davlat soliq qoʻmitasining soʻnggi va muvaffaqiyatli yangiliklaridan biridir.

“SAYT” tizimi soliq inspektoriga soliqlarni mustaqil ravishda yigʻish va bir vaqtning oʻzida amalga oshirgan ishlarini qayd etish imkonini beradi. Web dispetcherlik ilovasi orqali inspektorning real vaqt rejimida amalga oshirgan ishlari ham baholab boriladi.

 

Eslatib oʻtamiz: jismoniy shaxslar uchun daromad manbai sifatida mol-mulkka soliq solishning eksperimental tartibi tadbirkorlik subyekti sifatida davlat roʻyxatidan oʻtgan holda oilaviy mehmon uylari va ayrim mol-mulk turlarini ijaraga berish bilan shugʻullanadigan jismoniy shaxslarga tatbiq etilmaydi.OROM.UZni tanlab, adashmaysiz Mazkur tajriba doirasida Davlat soliq qoʻmitasi Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanidagi dam olish maskanlarini ijaraga olish toʻgʻrisida ishonchli maʼlumotlarning yangi xizmati – orom.uz – Yagona elektron platformasini ishga tushirdi.

OROM.UZni tanlab, adashmaysiz

Mazkur tajriba doirasida Davlat soliq qoʻmitasi Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanidagi dam olish maskanlarini ijaraga olish toʻgʻrisida ishonchli maʼlumotlarning yangi xizmati – orom.uz – Yagona elektron platformasini ishga tushirdi.

Platforma geografik roʻyxatida soliq solishning yangi tartibi sinovdan oʻtkazilayotgan xushmanzara hududlar – Sijjak, Boʻstonliq, Yusufxona, Soyliq va Doʻstlik qoʻrgʻonlari koʻrsatilgan.
Ijaraga beruvchilar orom.uz saytiga ijara obyektlari haqidagi maʼlumotlarni bepul joylashtiradi. Mijozlar dam olish obyektini masofadan turib tanlashi, band qilishi va ular uchun toʻlovni amalga oshirishi mumkin.

Toʻlov amalga oshirilgandan soʻng, dam oluvchining elektron pochtasiga band qilinganlik haqida xabarnoma yuboriladi. Dam oluvchilar saytda roʻyxatdan oʻtib, obyektlarni tanlashi va band qilishi, shuningdek, ularni turli mezonlar boʻyicha baholab, sharhlar qoldirishi mumkin. Jismoniy shaxslar yangi tartib tufayli qonuniy ravishda daromad keltiruvchi faoliyat bilan shugʻullanishlari mumkin.Platformadagi barcha maʼlumotlar ishonchli.

Obyektlarning orom.uz saytida mavjudligi ular faoliyatining qonuniyligini bildiradi.Hozirgi kunda orom.uz platformasida turizm xizmatlari isteʼmolchilari uchun foydali boʻlgan qoʻshimcha maʼlumotlarga ega 3700 dan ortiq dam olish obyekti mavjud. Unda obyektlarning tavsifi, fotosuratlari, xarita boʻyicha joylashuvi (geolokatsiya) va ijara narxi koʻrsatilgan.

Muhim!

Agar sizdan saytda koʻrsatilganidan farq qiladigan narxni toʻlashingizni soʻrashsa, taklif etilgan dala hovli yoxud boshqa obyektning fotosurati haqiqiy koʻrinishiga mos kelmasa, joylardagi mavjud soliq tayanch punktlariga murojaat qilish mumin.

Yangi tartib raqamlarda

Joriy yilning 22-sentyabr holatiga dala hovli va ayrim mol-mulk obyektlarini ijaraga berib daromad olayotgan jami 4 375 ta soliq toʻlovchi hisobga olinib, 4,7 mlrd.soʻm miqdorida soliq undirildi. Shundan, Yagona elektron platformada 3 744 ta ijarachi roʻyxatga olinib,
ular 3 mlrd. soʻm daromad soligʻi toʻladi. Bu oʻtgan yilning mos davriga (1 282 ta, 1197,3 mln. soʻm) nisbatan deyarli 3 baravar ziyod demakdir. Bu oʻzgarishlar Toshkent viloyatida turistik xizmatlar koʻlamini yaxshilash, isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish va soliq solinadigan obyektlarni hisobga olish tartibini soddalashtirishga qaratilgan.