Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 23-oktabrdagi “Sugʼurta bozorini raqamlashtirish va hayot sugʼurtasi sohasini rivojlantirish boʼyicha qoʼshimcha chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash hamda sugʼurta faoliyati klassifikatorini kengaytirish, shu orqali hayot sugʼurta sohasi va shaxsiy sugʼurta bozorida sugʼurta xizmatlari turlarini ommalashtirish, aholi va iqtisodiyotning ehtiyojlariga xizmat qiladigan sugʼurta mahsulotlarini ishlab chiqish maqsadida, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 9-iyundagi “Oʼzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʼzgartirishlar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʼz kuchini yoʼqotgan deb hisoblash toʼgʼrisida”gi qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-fevraldagi 80-son qarori bilan tasdiqlangan “Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi toʼgʼrisida”gi yagona nizomning 6-ilovasiga asosan tasdiqlangan Sugʼurta faoliyati klassifikatoriga qoʼshimcha sugʼurta klasslarini qoʼshish orqali kengaytirildi.
Jumladan, hayotni sugʼurta qilish sohasiga V-klass “Majburiyatlarni taʼminlash uchun hayotni sugʼurtalash”, VI-klass “Uzoq muddatli ixtiyoriy pensiya sugʼurtasi” hamda VII-klass “Kapitalni qaytarish bilan hayotni sugʼurtalash” klasslari kiritilgan boʼlsa, umumiy sugʼurta sohasiga 18-klass “Tibbiy sugʼurta” klassi kiritildi.
Sugʼurta klassifikatoriga kiritilgan ushbu qoʼshimchalar mamlakatimiz sugʼurta bozoridagi xizmatlar turini kengayishiga va aholi turmush darajasini oshirishga xizmat qiladi.