Anjuman ishida Toshkent davlat texnika universiteti, Energetika vazirligi tizimidagi korxonalar, Fargʻona politexnika instituti, Navoyi davlat konchilik instituti, Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti, Buxoro muhandislik-texnologiya instituti va Toshkent davlat texnika universitetining Termiz, Olmaliq, Qoʻqon filiali professor-oʻqituvchilari, doktorant va mustaqil izlanuvchilari, magistr va talabalar onlayn tarzda ZOOM ilovasi yordamida ishtirok etdilar.
Bu yilgi anjuman Oʻzbekiston Respublikasining Faxriy energetigi, elektr mashinalari va elektr yuritmalari sohasidagi dunyo tan olgan olim marxum Karimov Xurshid Gʻoziyevich tavalludining 80 yilligi munosabati bilan oʻtkazildi.
Anjumanning maqsadi elektr va issiqlik energiyasini ishlab chiqarish, uzatish va taqsimlash hamda undan oqilona foydalanish borasida mavjud muammolar va ularni bartaraf etish borasida olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar va olingan natijalar hamda elektr energetikasi sohasi uchun kadrlar tayyorlash masalasi boʻyicha tajriba almashishdan iborat boʻlib, unda energetikaning joriy holati va istiqbollari, energosamaradorlik, energetika raqamli texnologiyalarning qoʻllanilishi, energiya va resurs tejash, issiqlik energetikasi, elektr energetikasi va suv-energetika muammolari; atom energetikasi; muqobil va qayta tiklanuvchi energiya manbalari va energetikaning ekologik muammolari yoʻnalishlarida olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari muhokama qilindi.
Anjumanning bu yilgi ishtirokchilari soni 150 nafarni tashkil etgan boʻlib, ularning 10 nafardar ortigʻi MDH davlatlari va horijiy mamlakatlar ishtirokchilarini qamrab oldi. Jumladan, Germaniya, Rossiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston davlatlaridan sohaning yetakchi olimlari ilmiy maʼruzalari bilan ishtirok etdilar.