Ilk ochiq muloqotdan buyon shu kungacha tadbirkorlarning 1 mingga yaqin tashabbusi qonunchilikda oʻz aksini topdi. Buning natijalarini nafaqat tadbirkorlar, balki butun aholi oʻzining kundalik hayotida his qilmoqda.

Davlatimiz rahbari bu galgi uchrashuv ulkan bunyodkorlik ishlari boshlangan Yangi Toshkentda oʻtayotganida ramziy maʼno borligini taʼkidladi.

«Ushbu megaloyiha islohotlarimiz hayotda qanday aks etayotganining yaqqol isboti, yangilanish va taraqqiyot yoʻlidagi dadil qadamlarimizning yorqin timsoli boʻladi.
Siz tadbirkorlar uchun Yangi Toshkent – yangi imkoniyatlar, yangi gʻoyalar va yangi bozorlar maydoniga, innovatsiyalar va investitsiyalar markaziga aylanadi.
Bu yerdagi toʻliq “yashil” texnologiyalarga asoslangan eng zamonaviy infratuzilma sizlarning yangi-yangi gʻoya va tashabbuslaringiz uchun xizmat qiladi.
Shuni bilingki, Yangi Toshkent darvozalari biznes qilaman, degan barcha tadbirkorlar uchun hamisha ochiq boʻladi», — dedi Prezidentimiz.