Yangi Toshkent hududida davlat tashkilotlari xodimlari va keng jamoatchilik uchun elektromobillarni tezkor zaryadlash stansiyasi foydalanishga topshirildi.
Xitoyning «Huawei» kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan, 480 kVt quvvatga ega «Fusion Charge» stansiyasi Oʻrta Osiyo mintaqasida ilk marta oʻrnatilayotgan yuqori texnologiyali zaryadlash infratuzilmasi hisoblanadi. Ushbu qurilma bir vaqtning oʻzida 6 ta elektromobilni 15 daqiqa ichida toʻliq quvvatlash imkoniyatiga ega.
Yana bir ahamiyatli jihati shundaki, stansiya joylashgan hududda 200 kVt quvvatga ega quyosh fotoelektr stansiyasi ham ishga tushirilgan. Zaryadlash stansiyasi aynan mana shu quyosh panellari orqali ishlab chiqarilayotgan “yashil energiya”dan foydalanadi.
Bunday loyihalar mamlakatimizda ekologik toza transportni keng joriy etish, aholi uchun qulay va zamonaviy infratuzilmani shakllantirish, shu bilan birga, ekologik barqarorlikni taʼminlashga xizmat qiladi.








