Yangi turdagi qurilish materiallari: amaldagi holat, mavjud ilmiy salohiyat va istiqboldagi rejalar

    Bunyodkorlik ishlari qiymatining 55-60 foizini qurilish materiallari tashkil etishi, zamonaviy me'morchilik yangi, sifatli, arzon, engil va zilzilabardosh, innovasion mahsulotlarni talab qilishi inobatga olinsa, qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasi taraqqiyoti va ahamiyatini his qilish, anglash qiyin emas.

    Respublikamizda hozirgi kunda raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarish va eksport qilish bo'yicha barqaror o'sish sur'atlarini ta'minlash, shuningdek, qurilish materiallari sanoati korxonalarini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilashga qaratilgan tarkibiy o'zgartirishlarni yanada chuqurlashtirish yuzasidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

    Bunda tarmoqni jadal rivojlantirish va diversifikatsiya qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, mahalliy mineral xomashyo resurslarini qayta ishlashga investitsiyalarni jalb qilish va qurilish materiallarini eksport qilish hajmlarini oshirishga alohida e'tibor qaratilmoqda.

    Hozirgi kunda aholini arzon turar joy bilan ta'minlash, ijtimoiy soha ob'ektlari, noturar va aholi turar joylari uchun sifatli, arzon, yangi turdagi qurilish materiallariga talab va taklif tobora ortib bormoqda.

    Bunyodkorlik ishlari qiymatining 55-60 foizini qurilish materiallari tashkil etishi, zamonaviy me'morchilik yangi, sifatli, arzon, engil va zilzilabardosh, innovatsion mahsulotlarni talab qilishi inobatga olinsa, qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasi taraqqiyoti va ahamiyatini his qilish, anglash qiyin emas. Xususan, hozirgi kunda mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko'lamdagi qurilish va bunyodkorlik ishlari qurilish materiallari sanoatini jadal rivojlantirishni taqozo qilmoqda.

    Respublikada qurilish materiallari ishlab chiqarishni rivojlantirish maqsadida 2019 yil 20 fevralda O'zbekiston Prezidentining “Qurilish materiallari sanoatini tubdan takomillashtirish va kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi hamda 2019 yil 23 mayda “Qurilish materiallari sanoatini jadal rivojlantirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori qabul qilindi, raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarish va eksport qilish bo'yicha barqaror o'sish sur'atlarini ta'minlash, shuningdek, korxonalarni modernizasiya qilish, texnik va texnologik yangilashga qaratilgan qurilish materiallari sanoatidagi tarkibiy o'zgartirishlarni yanada chuqurlashtirish uchun “O'zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tashkil etildi.

    2019-2025 yillarda geologiya-qidiruv ishlarini olib borish, qazib olish va qayta ishlash asosida qurilish industriyasi xomashyo bazasi hajmlarini oshirish — 13,1 million tonna ohaktosh, 1,8 million tonna gips, 1 million tonna loysimon komponent, g'isht xomashyosi, 0,1 million tonna kvarts qumi, 5,6 million kub metr ko'chgan tog' jinslari (bazal`t), tosh-shag'al ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

    Gulqog'oz ishlab chiqarish hajmini 47 barobar, yig'ilgan parket panellari va plitalarni 19 barobar, yog'och qirindili plitalar hamda yog'och va boshqa yog'ochbop materiallardan tayyorlangan plitalarni 15 barobar, gazobeton bloklarni 7 barobar, lok-bo'yoq materiallari hamda energiya va issiqlikni tejovchi float-texnologiya asosida ishlab chiqarilgan arxitektura-qurilish oynasini 4 barobar, bazal`tdan tayyorlanadigan kompozit armaturani 3 barobar va tsement ishlab chiqarishni 2 barobar oshirish ko'zda tutilgan.

    Qurilish materiallari sanoatida joriy yilda 22 trillion so'mlik mahsulotlar ishlab chiqarishga zamin yaratilgan bo'lib, 14,5 million tonna sement, 23 million kvadrat metr qurilish oynasi, 60 million kvadrat metr gipsokarton, 1 million kub metr gazobeton bloklar kabi qurilish materiallari ishlab chiqariladi.

    Bu, o'z navbatida, nafaqat ichki bozorni ta'minlash, balki xorijiy davlatlarga eksport qilishga ham imkoniyat yaratmoqda. Joriy yilda Afg'oniston, Ozarbayjon, Turkiya, Rossiya va Ukraina kabi davlatlarga 300 million dollarlik bazal`t rovinglar, polisterol plitalar (penopleks), PVX pol qoplamalari, lok-bo'yoq uchun pigmentlar, engil metall ­konstruksiyalar kabi yangi turdagi mahsulotlar eksport qilindi.

    Tarmoqda tejamkor energiya texnologiyalarining joriy etilishi natijasida “quruq” usulda sement ishlab chiqarish hajmi 61 foizdan 80 foizgacha oshirildi. Qurilish oynasi ishlab chiqarishda esa energiya sarfini ikki baravar qisqartirishga erishiladi.

    Prezident qarori asosida uyushma raisining ilm-fan va innovasiyalar bo'yicha birinchi o'rinbosari lavozimi joriy etildi. Uyushma huzurida Qurilish materiallari sanoati ilmiy-texnikaviy kengashi tuzilib, uning asosiy vazifalari belgilab berildi.

    Bu kengash faoliyati muntazam yo'lga qo'yilgan bo'lib, hozir MDF plitalar, modifikasiyalangan serobeton, yuqori sifatli sement klinkerlari, polivinilxlorid buyumlar, shuningdek, bazal`t, zoloshlak va texnogen chiqindilardan zamonaviy qurilish materiallarini ishlab chiqarish texnologiyalarini yaratishga qaratilgan innovasion loyihalarni amaliyotga tatbiq etishga kirishilgan. Bunga 14 ta ilmiy-tadqiqot, 7 ta oliy ta'lim muassasasi, “Yashnobod” innovasion texnoparkining 4 ta rezidenti va 2 ta startap tashkilot, jami 26 ta ilmiy-innovasion faoliyat sub'ekti jalb etilgan.

    Ta'kidlash joizki, hozirgi kunda ilmiy fao­liyatga oid davlat dasturlari doirasida qurilish materiallari yo'nalishi bo'yicha umumiy qiymati 16,2 milliard so'mdan iborat 34 ta ilmiy-tadqiqot, innovasion va startap loyiha amalga oshirilmoqda.

    2019-2020 yillarda uyushma huzuridagi Ilmiy-texnikaviy kengashda ko'rib chiqish uchun 10 ta yo'nalish bo'yicha jami 42 ta innovasion loyiha taqdim etilgan.

    Innovasion rivojlanish vazirligi tomonidan e'lon qilingan va o'tkazilgan tanlov natijalariga ko'ra, Ilmiy-texnikaviy kengashda umumiy moliyaviy hajmi 10,605 milliard so'mlik 8 ta innovasion lo­yiha (klinkerli sement, azbozuritdan asbest olish, zolobeton, yangi bog'lovchilar olish texnologiyasi) ijobiy baholanib, moliyalashtirishga tavsiya etildi. Ushbu texnologiyalar vositasida energiyani tejaydigan, atrof-muhitga etkaziladigan zararni minimallashtiradigan, eksportbop va import o'rnini bosuvchi yangi turdagi qurilish materiallari ishlab chiqarishga joriy etilmoqda.

    Jumladan, azbozurit ichidan asbestni saralab olish texnologiyasini qo'llash natijasida respublikaga kirib kelayotgan asbest miqdorini kamaytirish, shifer tannarxini pasaytirish, Ohangaron, Quvasoy, Bekobod va Angren zonasida to'planib qolgan 2 million tonna azbozurit chiqindisini qayta ishlab, tonnasidan 15 foizgacha asbest moddasini ajratib olish imkoniyati yaratilmoqda. Dastlabki hisob-kitoblar natijasida asbest importining o'zidan 40 million AQSH dollari miqdoridagi mablag'ni iqtisod qilish nazarda tutilgan. Bundan tashqari, neft` va gazni qayta ishlash hamda rangli metallurgiya sanoatida hosil bo'lgan va katta miqdorda to'planib qolgan oltingugurt chiqindisidan mustahkam, sovuqqa va suvga chidamli hamda yopishqoq, avtomobil` yo'llarini qurishda qo'llaniladigan oltingugurtli yo'l qoplamasi texnologiyasi yaratiladi.

    Serobetonning siqilish mustahkamligi 85-102 MPa (tsement 20-40 MPa)ni, qotish vaqti 1-1,2 soatni (tsementda 28 kun) tashkil etadi. Moliyalashtirishga tavsiya etilgan boshqa loyihalar ham yangi turdagi qurilish materiallarini ishlab chiqarish texnologiyalarini yaratishga qaratilgan.

    O'tgan davr, ya'ni 2019-2020 yillarda qurilish materiallari sanoati sohasidagi tub islohotlar natijasida mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan yangi turdagi innovasion, eksportbop va import o'rnini bosuvchi qurilish materiallari — gulqog'oz, suyuq gulqog'oz, zoloblok, gazoblok, penoblok, polistrolblok, kompozit (asbestsiz) shifer, o'tga chidamli g'isht, yumshoq tom yopqich materiallari, izolyasiyalash materiallari va mahsulotlari (bazal`tli, mineralli, toshdan olingan), bazal`tdan armatura, tola, to'r, frita (kafellarga rang berishda ishlatiladigan xomashyo), dekorativ bo'yoqlar, mozaika (toshli, shishali va keramikali), sport va maishiy linoleum, shisha tolasi, shisha tolasidan to'r, gid­roizolyasiya materiallari, geotekstil`, geomembrana, bentonit mat (to'shama), geoto'r, geopanjara va geokompozit kabi mahsulotlarni ishlab chiqarish o'zlashtirildi.

    Bugungi kunda respublikada 31 ta korxonada zamonaviy va energiyani tejaydigan qurilish materiallaridan gazobeton bloklar (yillik ishlab chiqarish quvvati 1 032 ming kub metr), 6 ta korxonada penobeton bloklar (yillik ishlab chiqarish quvvati 40 ming kub metr) ishlab chiqarish yo'lga qo'yilgan. Shuningdek, gazobeton bloklarni (yillik ishlab chiqarish quvvati 885,4 ming kub metr) ishlab chiqaruvchi yana 20 ta korxonani joriy yilning oxirigacha ishga tushirish rejalashtirilgan. 2020 yilning 9 ­oyida 530 ming kub metr gazobeton ishlab chiqarilgan.

    Joriy yilda 61 million kvadrat metr gipsokarton, 2,6 million rulon gulqog'oz, 32 million kvadrat metr keramik plitka, 650 ming dona sanitar-texnik buyum kabi yangi turdagi qurilish materiallari ishlab chiqariladi.

    Bugungi kunda rossiyalik hamkorlar bilan yo'l qoplamalarining foydalanish muddatini 2,5 baravar oshirish, tannarxini 35-40 foiz kamaytirish imkonini beradigan serobitum va serobeton ishlab chiqarishni yo'lga qo'yish uchun mahalliy korxonalar tashkil etilmoqda. Buning uchun 445,0 ming AQSH dollari qiymatidagi loyiha amalga oshirilmoqda.

    Startap loyihalar tanlovi g'oliblari tomonidan gossipol smolasidan neftsiz qurilish bitumi olish (loyiha qiymati — 595,9 million so'm) hamda mahalliy mineral xomashyo va sanoat chiqindilaridan keramik bo'yoqlar olish texnologiyasini yaratish (loyiha qiymati — 473,0 million so'm) ustida ishlar boshlab yuborildi.

    Ixtisoslashgan “Surxonsementinvest” korxonasi negizida xomashyoni chuqur qayta ishlash, tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish va ularga servis xizmatlar ko'rsatishni o'z ichiga olgan klaster tashkil etilib, unda zamonaviy qurilish materiallarini ishlab chiqarish yo'lga qo'yildi.

    Qurilish materiallari sanoatiga innovasiyalarni joriy etish bo'yicha xalqaro ilg'or tajribalarni o'rganish natijasida qurilish, kapital ta'mirlash va dizaynerlik ishlarida yorug'lik o'tkazuvchan beton, yangi turdagi qurilish oynasi, xameleon g'isht, shishali cherepisa, o'zini o'zi tiklaydigan egiluvchan beton, manzaralari harakatlanuvchi pol qoplamalari, ko'pikli devor qoplamalari, kvarsvinilli pol qoplamasi, beton quyish uchun plastik qolip, guruch somonidan MDF p­­litalar, kompozit suyuq issiqlik izolyatsiyalash qoplamalaridan keng foydalanilmoqda. Ushbu yangi turdagi innovatsion qurilish materiallarini ishlab chiqarish jarayoniga ilm-fan yutuqlarini joriy qilish maqsadida ilmiy-tadqiqot va oliy ta'lim muassasalari bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda.

    Yangi turdagi sifatli va xavfsiz qurilish materiallarini ishlab chiqarishga joriy qilish maqsadida 2019 yilda 340 ta xalqaro standart qabul qilindi. Rejaga muvofiq, 2020 yilda 542 ta, 2021 yilda esa 505 ta xalqaro standart qabul qilinmoqda. Buning natijasida tarmoqda xalqaro standartlar bilan uyg'unlashuv darajasi oshirilmoqda.

    Bugungi kunda qurilish materiallari sanoati sohasiga ilm-fan yutuqlari va innovasion texnologiyalarni keng joriy etish asosida mahsulot turi, sifati, hajmini ko'paytirish, ularni ishlab chiqarishda zamonaviy, samarali va tejamkor texnologiyalardan foydalanish bo'yicha tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda keng miqyosdagi ishlar tizimli amalga oshirilmoqda.

    Ibrohim ABDURAHMONOV,

    O'zbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vaziri,

    Qurilish materiallari sanoati ilmiy-texnikaviy kengash raisi