25 yildan ortiq tarixiy faoliyatga ega boʻlgan “Zarafshan Golden group” kompaniyasi bugungi kunda koʻplab yoʻnalishlarda faoliyat yuritadigan koʻp tarmoqli kompaniyalar sirasiga kiradi. Kompaniya tarkibida 20 dan ortiq korxonalar faoliyat koʻrsatmoqda. Qurilish, qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish, mehmonxona va restoran xizmatlari, issiqxona va bogʻdorchilik, chorvachilik hamda tekstil yoʻnalishlarida 2000 ga yaqin ishchi xodimlar mehnat qilishmoqda.

Kompaniyaning asosiy faoliyatlaridan boʻlgan koʻp qavatli turar-joy binolari qurilishida kompaniya tomonidan 2019-yilda 500 ta xonadondan iborat turar-joy majmualari, 2020-yilda esa jami 800 dan ortiq xonadondan iborat turar-joy binolari qurib foydalanishga topshirildi. Kompaniya 2021-yilda 650 dan ortiq xonadondan iborat turar-joy binolari qurib foydalanishga topshirilish arafasida.

Bugun esa kompaniya tomonidan Navoiy shahrida bunyod etilgan arxitektura va shaharsozlik talablariga mos keluvchi, 100 dan ortiq oilaning turar joyga boʻlgan ehtiyojini qondirish bilan birga, binoning 6-7 qavatlarida joylashgan yangi, zamonaviy turar-joy majmuasi foydalanishga topshirildi.

Tadbir davomida shahrimizda istiqomat qilayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarni qoʻllab quvvatlash maqsadida kompaniya tomonidan 10 ta fuqaroga mikro toʻlqinli pech, 2 ta nogironlik aravachasi va kompaniyada ishlab, boquvchisini yoʻqotgan yolgʻiz onalarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida 10 ta ona bola qoʻy bepul tarqatildi, deb xabar beradi Navoiy viloyat hokimligi matbuot xizmati.