Fargʻona shahrida yashovchi R.I. milliy gvardiya xodimlari uchun 2019-yilda “Fayziobod” MCHJ tomonidan qurib foydalanishga topshirilgan koʻp qavatli uyni qayta-qayta taʼmirlayverib charchadi. Kamchiliklarning birini tugatsa, ikkinchisi chiqaverdi – hali eshik-romlar, hali devor boʻyoqlari…
Isteʼmolchilik huquqlari poymol etilayotganligi boʻyicha Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligining Fargʻona viloyati hududiy tuzilmasiga murojaat qildi. Toʻgʻri-da, atigi bir yilgina yashagan uyi shu ahvolga kelsa.
Hududiy tuzilma tomonidan isteʼmolchining murojaati tezkorlik bilan oʻrganib chiqildi hamda sifatsiz xizmat koʻrsatgan pudratchi tashkilot “Fayziobod” MCHJ tomonidan R.I. xonadonidagi eshik va romlar taʼmirlandi.
Bundan tashqari, koʻp qavatli uyning yertoʻlasidagi suv chiqarish nasosi yangisiga almashtirildi, binoning fasad va tom qismidagi nuqsonlar bartaraf etilib, jami 10,0 mln.soʻmlik qoʻshimcha ishlar bajarildi.