Tadbirda Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi Turizm xizmatlarini sertifikatlash markazi direktori Sulton Xonbabayev, Germaniyaning yurtimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Dr. Tilo Klinner, “Valor Hospitality Partners” taʼsischisi va boshqaruv hamkori Juliyen Berguye, “Deutsche Hospitality” vitse-prezidenti Zigfrid Niyerhaus, Hotel Pro kompaniyasi asoschisi Dilshod Odilov, “The Globus Hotel” MCHJ rahbari Rahmatulla Rahmetov turizm sohasi mutaxassislari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda soʻzga chiqqan S. Xonbabayev Bosh vazir oʻrinbosari – Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov nomidan tashkilotchilarga joylashtirish vositalarini tashkil etish va yangi ish oʻrinlari yaratishdagi hissasi uchun minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, ayni damda Oʻzbekistonda mehmonxonalar soni oshib borayotganini alohida taʼkidladi.
“Ayni damda yurtimizga xorijlik sayyohlar oqimi tobora koʻpayib boryapti. Bu esa oʻz navbatida mehmonxonalar sonini yanada oshirishni talab qiladi. Shuning uchun ham turizmning boshqa sohalari singari mehmonxonalar sonini koʻpaytirishga ham katta eʼtibor qaratilyapti, – dedi u. – “IntercityHotel Tashkent” brendining Oʻzbekistonga kirib kelishi esa, albatta, quvonarli hodisa. Negaki, ushbu brend zamonaviy mehmonxona talablariga toʻliq javob bera oladi”.
“Deutsche Hospitality” vitse-prezidenti Zigfrid Niyerhaus esa hamkorlik uchun nega aynan Toshkent tanlanganini aytib oʻtdi.
“Koʻp davlatlarni oʻrgandik. Har xil omillarni tahlil qildik va amin boʻldikki, Oʻzbekiston, Toshkent mehmonxona ochish uchun eng ishonchli hamkor va eng qulay joy ekan. Toshkentdagi sharoitlar, bugungi rivojlanish menga juda yoqdi. Buning uchun Prezident Shavkat Mirziyoyevga hamda Turizm va madaniy meros vazirligiga minnatdorlik bildiraman. Chunki mamlakatingizdagi taraqqiyot bu yerda mehmonxona ochayotganimiz uchun biz uchun ham juda muhim”, – dedi vitse-prezident.
Tadbirda soʻzga chiqqan “Valor Hospitality Partners” taʼsischisi va boshqaruv hamkori Juliyen Berguye mehmonxona qurishdan oldin Toshkentni oʻrganib chiqqanini taʼkidladi.
“Ikki yil avval Oʻzbekiston aeroportidagi kutish holatlari meni biroz ranjitgandi. Bugun esa bu kabi muammolar bartaraf etilganining guvohi boʻldim. Bunda esa, albatta, Turizm va madaniy meros vazirligining oʻrni katta, – dedi Berguye. – Mehmonxona ochishdan avval Toshkentni aylanib chiqdim. Shahar aholisining muomalasi, xatti-harakatlari, yashash tarzi menga juda yoqdi. Toshkent goʻzal shahar, uning goʻzalligi esa mehridaryo, bagʻrikeng odamlaridir. Toshkentdan tashqari Buxoro, Samarqand, Fargʻona viloyatlarida turizm sohasidagi yangiliklarni ham oʻrgandim va mehmonxona qurish uchun yaxshi joy tanlaganimga yana bir bor amin boʻldim. Ayni damda Buxoroda ham yangi mehmonxonalar quryapmiz. Bilasizmi, Oʻzbekiston bilan toʻliq tanishib olganimdan keyin doʻstlarimga, xorijdagi yaqinlarimga, albatta, bu mamlakatga kelishlarini tavsiya qilyapman”.
Juliyen Berguye mehmonxona sohasida 20 yildan ortiq tajribasi bor va 40 dan ortiq mehmonxona qurgan mutaxassis sifatida bu galgi loyihasi ham oʻzini oqlashini va Yangi Oʻzbekistonning bir boʻlagiga aylanishiga umid qilishini aytib oʻtdi.
Konferensiya soʻngida hamkorlar oʻrtasida rasmiy hujjat imzolash marosimi boʻlib oʻtdi, deb xabar beradi Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati.
Qayd etish kerakki, “IntercityHotel Tashkent” mehmonxonasi Toshkent shahrining Mirobod tumanida joylashgan boʻlib, 2023-yil 1-choragida ochilishi rejalashtirilgan. Mehmonxona zamonaviy interyerga ega 122 ta nomer, biznes tadbirlar yoki forumlarga moʻljallangan konferensiya zali, basseyn, sport zali va boshqa xizmat turlarini qamrab oladi. Shu bilan birga, mehmonxonada 160 ga yaqin yangi ish oʻrni tashkil etiladi.
Maʼlumot uchun, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 27-maydagi 433-son qarori bilan tasdiqlangan “Investorlarga yangi mehmonxona qurish va uni jihozlash uchun subsidiya ajratish hamda tashkilotlarni franchayzing toʻgʻrisidagi shartnoma asosida qisman moliyalashtirish uchun davlat byudjetidan mablagʻ ajratish tartibi haqidagi Nizom”ga muvofiq taniqli va nufuzli mehmonxona brendlaridan foydalanish va mazkur brendlar tomonidan mehmonxonalarni boshqarish boʻyicha franchayzing toʻgʻrisida shartnomalar tuzilgan taqdirda mazkur xarajatlar davlat tomonidan qisman moliyalashtiriladi.