Bugun Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan jurnalist va blogerlarni ana shu uch boʻgʻindagi islohotlar bilan yaqindan tanishtirish maqsadida poytaxtimizdagi qator tibbiyot muassasalariga navbatdagi press-tur uyushtirildi.
Birinchi manzil — Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi. OAV vakillari bu yerdagi shart-sharoitlarni koʻzdan kechirgach, koʻpchilikni qiziqtirayotgan mavzu yuzasidan mutasaddilarga savol berdi.
Gap shundaki, yana sanoqli kunlardan soʻng Yangi yil yilni qarshilaymiz. Prezidentimizning tegishli farmoniga koʻra, Yangi yil bayramida ish haftasining davomiyligidan qatʼi nazar barcha xodimlar ketma-ket 5 kun (31-dekabrdan 4-yanvarga qadar) dam oladi. Xoʻsh, bunday vaziyatda shoshilinch tibbiy yordam muassasalari qanday tartibda ishlaydi?
— Markazimiz va uning hududlardagi 13 ta filiali hamda 180 ta aholi punktida joylashgan subfiliallari doimiy shay holatda, — deydi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bosh direktori Davron Tulyaganov. — Ularda 24 soat davomida navbatchi brigadalar, yaʼni malakali shifokorlar va hamshiralar sifatli tibbiy xizmat koʻrsatadi.
Oʻz navbatida, markaz rahbariyati — bosh direktor, direktor, bosh shifokor va direktor oʻrinbosarlaridan iborat shtab tuzilgan. Ular ham navbatchilik asosida faoliyat koʻrsatadi. Yangi yil bayrami munosabati bilan eʼlon qilingan 5 kunlik dam olish sanalarida xuddi shu tartib amal qiladi.
Bundan tashqari, mamlakatimiz boʻylab 2861 ta tez tibbiy yordam brigadasi zarur dori-darmonlar bilan taʼminlangan. Shoshilinch va tez tibbiy yordam tizimida faoliyat koʻrsatayotgan qariyb 17 ming nafarga yaqin shifokor va 52 ming nafardan ziyod hamshiralarga ham zarur koʻrsatmalar berilgan.
Sogʻliqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.