Yangi yil bayramini nishonlash davrida fuqarolarning to‘liq dam olishi uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish hamda dam olish va bayram kunlaridan samarali foydalanishni ta’minlash maqsadida:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 22-dekabrdagi “2024-yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risida”gi PF–213-son Farmoni bilan 2024-yil 30–31-dekabr kunlari dam olish kunlari sifatida belgilanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2025-yilda besh kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar uchun dam olish kuni 4-yanvar – shanba kunidan 2-yanvar – payshanba kuniga ko‘chirilsin hamda olti kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar uchun 2-yanvar – payshanba qo‘shimcha dam olish kuni etib belgilansin.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasiga:
mehnat jamoalari o‘rtasida ushbu qarorning maqsadi, mazmun-mohiyati to‘g‘risida tushuntirish ishlarini tashkil etish;
Yangi yil bayrami uchun belgilangan dam olish kunlarida xodimlar va ularning oila a’zolari maroqli dam olishini ta’minlash yuzasidan kasaba uyushmalari tashkilotlarining ishini faollashtirish tavsiya etilsin.
O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bilan birgalikda Yangi yil bayrami uchun belgilangan dam olish kunlarida o‘tkaziladigan tadbirlar to‘g‘risida ommaviy axborot vositalari, shu jumladan Internet jahon axborot tarmog‘i orqali aholining keng xabardor qilinishini ta’minlasin.
Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Sh. Mirziyoyev