Xalqimiz hunar – hunardan zar unar, deya bejiz aytmaydi. Usta naqqoshlaru duradgorlar, kosibu chevarlarning hunari sababli turmushimiz nafosatga toʻladi, yurt farovonligi ortadi. Bugungi kunda mamlakatimizda ishbilarmonlik muhiti yaratilgan boʻlib, hunarmandlik va tadbirkorlikka hukumat miqyosida katta eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, Prezidentimizning 2021-yil 30-dekabrdagi “Hunarmandchilik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori hunarmandlarga imkoniyatlar eshigini yanada kengroq ochdi, deyish mumkin.

Ayniqsa, qarorda taʼkidlanganidek, milliy hunarmandchilik, xalq badiiy va amaliy sanʼatini rivojlantirish, sohani har tomonlama qoʻllab-quvvatlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlar natijasida mamlakatimizda “Hunarmandchilik markazlari” va “Usta-shogird” maktablari koʻpaydi. Buning natijasida esa band boʻlgan yoshlar soni oshmoqda. Joylarda subsidiya ajratiladigan hunarmandlar va shogirdlar hisobi “Hunarmand” uyushmasi tomonidan yuritilib, Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining “Onlayn mahalla” elektron platformasi bilan integratsiya qilinayotir.

Hunarmandlarning hunarlari avloddan avlodga meros shaklida oʻtib kelayotgani yoshlarning yashirin ishtiyoqlari yuzaga chiqishida muhim omil boʻladi. Shuningdek, farzandlarda oʻz ota-onalaridan faxrlanish tuygʻusi ham shakllanadi.

Hunarmandlarning xalq amaliy sanʼati milliy katalogi yaratilgani ham koʻplab usta hunarmandlarni kashf etib, dunyoga tanitishga imkon bermoqda. Xalqaro koʻrgazma hamda turli tanlovlarda gʻolib boʻlayotgan hunarmandlarning ragʻbatlantirilayotgani, ularning mazkur katalogdan oʻrin olayotganidagi quvonchini soʻz bilan ifodalash qiyin. Bu bevosita oilaviy muhitga ham ijobiy taʼsir koʻrsatuvchi omildir. Zero, bunda hunarga mehr qoʻyish, bolalik orzulari, farzandlar kamoloti bilan uygʻunlashib ketadigan qadriyatlar mujassam.

Avvalo, har bir kasbga astoydil ishtiyoq va eʼtiqod boʻlishi lozim. Usta hunarmand nomini olish koʻplab ustozlar rahnamoligida kasb sirlarini oʻrganish jarayonida amalga oshiriladi.

Yangi yil boshida “Hunarmand” uyushmasi tomonidan hunarmandchilik loyihalarini qoʻllab-quvvatlash choralari ishlab chiqildi. Bunda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida ajratilayotgan mablagʻlarning 500 milliard soʻmi hunarmandchilik loyihalarini moliyalashtirishga yoʻnaltiriladi. Xususan, imtiyozli kreditlar hunarmandchilik loyihalarini amalga oshirish uchun 6 oygacha imtiyozli davr bilan 225 million soʻmgacha oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida koʻzda tutilgan shartlarda ajratiladi. Albatta, hunarmandlar loyihasi tijorat banklari bilan hamkorlikda baholanib, moliyalashtiriladi.

Bu yoʻlda yana bir muhim jihat shundaki, koʻplab hunarmandlar istagiga muvofiq, imtiyozli kreditlar hunarmandning talabiga oʻkra, naqd pul olish imkoniyati bilan ham taqdim etiladi. Shuningdek, imtiyozli kredit ajratish boʻyicha “oilakredit.uz” elektron platformasida hunarmandlarni onlayn navbatga qoʻyish va ularning loyihalarini kreditlash uchun alohida boʻlim ishga tushiriladi. Azaldan uzviy qadriyatimizga aylangan “usta-shogird” anʼanalari asosida yoshlarga hunar oʻrgatayotgan hunarmandlarga – shogirdlar tayyorlashi va ularni ish haqi bilan taʼminlashi, zarur xomashyo sotib olishi uchun 6 oy davomida har oyda BHMning 2 baravaridan kam boʻlmagan miqdorda imtiyoz beriladi.

Bugungi hunarmandchilik sohasidagi yutuqlarimiz zamirida ogirdlarini fidoiylarcha tarbiyalagan, yurtimiz ardoqlagan usta-hunarmand ustozlarning maslagi ,mashaqqatlari mehnatlari yotibdi, deyish mumkin. Mustaqil faoliyat boshlashi uchun ularning shogirdlariga zarur asbob-uskuna va jihozlarni sotib olishi fidoyilikning amaldagi koʻrinishi. Shu maʼnoda ustalarga internet saytlarini tashkil etish, oʻz mahsulotlarini jahon elektron savdo maydonchalariga chiqarish va reklama xarajatlarining 50 foizi, biroq BHMning 25 baravari miqdoridan oshmaydigan qismiga subsidiyalar ajratish tartibi joriy etiladi.

Bunda, yuqorida taʼkidlaganimizdek, subsidiya ajratiladigan hunarmandlar va shogirdlar hisobi “Hunarmand” uyushmasi tomonidan yuritilib, Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligining “Onlayn mahalla” elektron platformasi bilan integratsiya qilinadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-dekabrdagi “Hunarmandchilik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida yuqoridagi va boshqa qoʻllab-quvvatlash choralari belgilangani sohada bandlikni oshirish, aholi daromadlarini koʻpaytirish uchun yangi imkoniyatlarni ochadi.

Chunki Qarorning 6-bandida hunarmandlar oʻz ishining natijasi boʻlgan mahsulotlar sotishi uchun savdo pavilyonlarini tashkil qilishga alohida urgʻu berilgan. Albatta, hunarmandning oʻz ishi natijasini moddiy shaklda koʻrishi unga katta ragʻbat beradi. Qarorning 8-bandida bu ishlar joriy yilning 1-apreliga qadar yoʻlga qoʻyilishi hunarmandlarni yanada xursand qiladigan yangilikdir. Shuningdek, “Hunarmandchilik markazi” va turli “Ustaxona” binolarini qurish va foydalanishga topshirish ishlarini yanada jadallashtirish lozim boʻladi.

Mamlakatimizda hunarmandlik azaldan yaxshi rivojlangan. Bolalikdan hunar oʻrganish, yaratgan mahsuloti va mehnati bilan odamlarga naf keltirish xalqimizning milliy qadriyatiga aylangan. Hunar turlari esa asrlar davomida kengayib, yangi yoʻnalishlar va maktablar bilan boyib borgan. Ayni paytda yurtimizda hunarmandchilikning 34 turi mavjud. Hunarmandlarning istiqbolli loyihalarini moliyalashtirish, buning uchun ularga imtiyozli kreditlar ajratish, sohaga xalqaro moliya institutlari investitsiyalarini jalb etish zaruratini keltirib chiqaradi. Bu omillar Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi, “Hunarmand” uyushmasi, tijorat banklari masʼul xodimlari zimmasiga hududlarning oʻziga xos xususiyat va anʼanalaridan kelib chiqib, tumanlar kesimida aniq reja ishlab chiqish, har bir hunarmandga yetib borish vazifasini ham qoʻymoqda.

Yuqorida taʼkidlangan qaror shartlariga muvofiq, har bir viloyatda maxsus koʻrgazma va yarmarkalar tashkil etilib, ularda hunarmandlar bepul ishtirok etadi. Shuningdek, ularning xorijiy davlatlarda oʻtkaziladigan koʻrgazma, festival va yarmarkalarda qatnashishiga koʻmaklashiladi. Bu esa qoʻligul ustalarga oʻz mahsulotlarini bozor va supermarketlarda sotishi uchun keng imkoniyat yaratadi, xohlasa, oʻz xonadonida doʻkon ochish imtiyozini ham beradi. Doimiy savdo joyiga ega boʻlmagan, vaqtinchalik joylarda savdo qilayotgan hunarmandlarga savdo qilish qoidalari asosida talab etiladigan kassa apparati va savdo terminalidan foydalanish hamda tijorat banklariga savdodan tushgan naqd pulni inkassatsiya qilish talablari ixtiyoriy etib belgilanadi.

Shuningdek, hunarmandlarning eksport faoliyati ham ragʻbatlantiriladi. Ularga oʻz mahsulotlarini eksport qilishdan tushgan xorijiy valyutani erkin tasarruf etish, jumladan, bank hisobraqamlaridan xorijiy valyutani naqd holda olish huquqi beriladi.

Xulosa qilib aytganda, bunday imtiyozlar, qulayliklar, eʼtibor va eʼtiroflar mamlakatimizda hunarmandchilikning yanada rivoj topishi, uning dunyoda miqyosidagi nufuzi bundan-da ortishiga sabab boʻladi.

Ulugʻbek SAIDOV,

Oʻzbekiston Respublikasi

“Hunarmand” uyushmasi bosh mutaxassisi