Yangibozor Xorazmda aholi nufusi eng kam tuman hisoblanadi. Ammo keyingi 3 yilda tuman markazi aholisi namunali va imtiyozli qurilgan ko'p qavatli turar joylar hisobiga mingdan ziyodga o'sdi. Bu esa, o'z navbatida, yangi xizmat shoxobchalari, shuningdek, o'quvchilar uchun yangi maktab qurishni taqozo etadi.

“Zamonaviy maktab” loyihasi asosida Yangibozor tumani markazidagi Do'stlik mahallasi hududida qurilgan yangi ta'lim dargohi 330 o'ringa mo'ljallangan bo'lib, uning qurilishi uchun davlat byujetidan 5 milliard 717 million so'm sarflandi. Xonalar zamonaviy jihozlar bilan ta'minlandi.

– Ota-onalar ham, o'quvchilar ham yaratib berilgan sharoitlardan behad xursand, – deydi yangi maktabda o'quvchilarga ona tili va adabiyot fanlaridan saboq berishga kirishgan pedagog Tozagul Hasanova. – Asosan yosh o'qituvchilardan iborat jamoamiz bilan boshlang'ich sinflardanoq o'quvchilarning AKTga bo'lgan qiziqishini yanada oshirish niyatdamiz. Bu jarayonda ular innovatsion yangiliklardan boxabar bo'ladi va zamonaviy texnologiyalardan to'la foydalana oladi.

Ro'zimboy HASAN,

“Yangi O'zbekiston” muxbiri