Sarvar onasi bilan ko'p yillar ijarama-ijara sarson yashadi. Bolaligi muqim boshpanaga muhtojlikda o'tdi. U tuman hokimi fuqarolar bilan sayyor qabul o'tkazayotgani haqida eshitib, onasi bilan keldi va hokimdan uy olishda yordam so'rab murojaat qildi.

Yangibozor tumani hokimligi matbuot xizmati xabar qilishicha, oradan ko'p o'tmay ona-bolaga yangi qurilgan ko'p qavatli uylardan ikki xonali xonadon sovg'a qilindi. Bugun Sarvar va uning onasi Zulxumor Do'schanova yangi uyga ko'chib o'tdi.

– Ayol kishi o'z uyi, o'z oshxonasi bo'lishni orzu qiladi. Bugun men ana shu orzuimga erishdim. Bu uyda o'g'lim bilan yangi orzular, yangi rejalar qilyapmiz, – deydi Zulxumor opa.

Malika Matmuratova Yangibozor tumanidagi Do'stlik mahallasida istiqomat qiladi. Uch farzandi bor. Turmush o'rtog'idan ajralgandan keyin mahallada ijarama-ijara hayot kechirdi.

Shu kuni mushtipar onaga ham tuman hokim O'ktam Qurbonov 3 xonali uyning kalitini topshirdi.

– Biz uchun juda quvonchli voqea bo'ldi. Chunki ijarada yashashning qiyinchiligi, dardi, buning ustiga uyimiz yo'qligi, uy olishga esa daromadimiz etmasligi yuragimni ezardi. Bugun boshpanali bo'ldik. Buning uchun Prezidentimizdan, tumanimiz rahbaridan minnatdorman, – deydi Malika opa.

Azamat onasining aziz siymosini eslolmaydi. Onasi vafot etganida u bir yoshlik chaqaloq edi. Otasidan ham erta ayrildi. Buvisining qaramog'ida ulg'aydi.

Tuman hokimligi tashabbusi bilan Azamat Egamovga yangi xonadon olib berildi.

Bu kabi savobli, xayrli ishlar ota-onasi yo'q yoki ota-ona qaramog'idan mahrum bo'lgan bolalarning huquq va erkinliklarini ro'yobga chiqarish, ijtimoiy himoyasini kuchaytirishda muhim bosqich, shuningdek, inson qadrini ulug'lashdek xalqchil siyosatimizga hamohangdir.