Yangidan tashkil etiladigan tadbirkorlik subyektlariga qanday imtiyozlar beriladi?

    Loyiha bilan Prezidentimizning 2020-yil 11-noyabrdagi tegishli qaroriga asosan Soliq kodeksining 483-moddasiga qoʻshimchalar kiritish taklif qilinmoqda.

    Shu kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bir qator qonunlar loyihalari muhokamasi boʻlib oʻtmoqda. “Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi shulardan biri. Qonun loyihasining maqsadi tadbirkorlik subyektlarini yana-da qoʻllab-quvvatlash, ayniqsa, koronavirus pandemiyasi holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish va aholi daromadalarini oshirishdan iborat boʻlib, unda tadbirkorlar uchun bir qator imtiyozlar berilishi nazarda tutilmoqda.

    Loyiha bilan Prezidentimizning 2020-yil 11-noyabrdagi tegishli qaroriga asosan Soliq kodeksining 483-moddasiga qoʻshimchalar kiritish taklif qilinmoqda. Unga koʻra, 2024-yil 1-yanvarga qadar davlatimiz rahbari tomonidan belgilanadigan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi har bir shahar va tumanlarining oʻziga xos “oʻsish nuqtasi” deb aniqlangan faoliyat yoʻnalishlari boʻyicha yangidan tashkil etiladigan hamda Taxtakoʻpir, Boʻzatov va Shumanay tumanlarida joylashgan yangidan tashkil etiladigan sanoat yoʻnalishidagi tadbirkorlik subyektlari bir qator soliqlardan ozod qilinadi. Qolaversa, mazkur toifadagi soliq toʻlovchilar foyda soligʻi va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqlar boʻyicha belgilangan soliq stavkasini 50 foizi miqdorida amalga oshiradi.

    Soliq kodeksining 483-moddasiga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarga koʻra, joriy yil yakunigacha boʻlgan davr uchun turoperatorlar, turagentlar va turizm sohasida mehmonxona xizmatlari koʻrsatuvchi subyektlar, foyda soligʻi stavkalari belgilangan soliq stavkalariga nisbatan 50 foizga kamaytirib hisoblangan holda toʻlaydi.

    Qonun loyihasining qabul qilinishi natijasida pandemiya davrida iqtisodiy qiyinchiliklarga duch kelgan sohalardan biri boʻlgan turizm sohasini qoʻllab-quvvatlash maqsadida vaqtinchalik imtiyozlar va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hamda Vazirlar Mahkamasi qarorlari asosida belgilanadigan davlat dasturlarida ishtirok etayotgan fuqarolarga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi boʻyicha imtiyozlar beriladi.