Furqat Toshmatov olgan suratlar

Joriy yil birinchi choragida surunkali buyrak yetishmovchiligi sabab Guliston tibbiyot klasterning gemodializ va nefrologiya boʻlimida davolangan va davo muolajalarini olgan fuqarolar soni 3 182 nafardan oshib ketdi.

Ming afsuski , qandli diabet, surunkali glomerulonefrit va piyelonefrit, buyrak polikistozi nefrologik kasalliklarini kelib chiqishiga sabab boʻlyapti.

Sirdaryoda bu borada qator ishlar amalga oshirildi. Oldiniga surunkali buyrak kasalliklari va buyrak yetishmovchilik kasalligi bilan kasallangan bemorlarni hisobi yuritilib, yagona elektron registri joriy etildi. Bu esa, Sirdaryoda nefrologik kasalliklarni davolash va reabilitatsiya qilishda muhim oʻrin tutdi.

Qolaversa, aholining joylashuvi, kasallikning tarqalish hududi aniqlandi. Guliston tibbiyot klasterdagi nefrologiya va gemodializ boʻlimi imkoniyati sarhisob qilindi. Aniq boʻldiku, viloyatga, ana shunday kasallikka chalingan bemorlarni davolashga moʻljallangan yana bitta maqbul boʻlim kerak. Yangi boʻlimni ochish, uni ishga tushirishning oʻzi boʻlmaydi. Bu avvalo ancha mablagʻ talab qiladi. Bu masala Sogʻliqni saqlash vazirligi va viloyat hokimligi yordami bilan hal etiladigan boʻldi.

Shunga qarab surunkali buyrak, buyrak yetishmovchiligi kasalligi bilan kasallangan Xovos, Boyovut, Sardoba va Oqoltin tumanlarida hamda Shirin va Yangiyerda istiqomat qilayotgan fuqarolar sogʻligʻini tiklash, davolash maqsadida Yangiyer shahar tibbiyot birlashmasi negizida nefrologiya va gemodializ boʻlimini ochish ishlari boshlab yuborildi.

Yangiyerda 20 oʻrinli, shundan 10 oʻrinli statsionar nefrologiya, 10 oʻrinli ambulator gemodializ boʻlimi toʻliq taʼmirdan chiqarildi va bugundan foydalanishga topshirildi.

— Ushbu boʻlimlarni taʼmirlash uchun 950 million soʻm, 10 dona sunʼiy buyrak (gemodializ) apparati, quvvati 10 ta gemodializ apparatiga moslashtirilgan 1 ta suv tozalash stansiyasi, 1 ta 100 litrli mikser va boshqa davolash apparaturalarini xarid qilish, olib kelib oʻrnatish uchun 1 million 230 ming yevro, jihoz va yumshoq buyumlar uchun 170 million soʻm miqdorida byudjet hamda byudjetdan tashqari ishlab topilgan pul mablagʻlari yoʻnaltirildi, — deydi Yangiyer shahar tibbiyot birlashmasi bosh shifokori Anvar Urolov.

Yangiyerda mazkur boʻlimlarni ochilishiga bagʻishlangan tadbirda Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi ijro etuvchi direktori Farrux Sharipov, Sirdaryo viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi Rustam Yuldashev, Sirdaryo viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi tizimidagi davolash profilaktika muassasalarining bosh shifokor va rahbarlari hamda Yangiyer shahar hokimligi vakillari ishtirok etdi.

Dastlab ular, gemodializ boʻlimi imkoniyati bilan tanishib, ushbu boʻlimida davolanayotgan bemorlar bilan suhbatlashdi. Shundan soʻng nefrologiya boʻlimini koʻzdan kechirib, yangiyerlik tibbiyot xodimlarga oʻz maslahat va tavsiyalarini berdi.

— Bilasizmi, bu sohani yoʻlga qoʻyishda kadr masalasi oʻta muhim oʻrin tutadi, — deydi nefrologiya va gemodializ boʻlimi mudiri, nefrolog shifokor Rustam Toshtemirov. — 5 nafar nefrolog, 30 nafardan oshiq hamshira, 5 nafar texnik Sogʻliqni saqlash vazirligi koʻmagi bilan nefrologiya va gemodializ sohalari boʻyicha malaka oshirib keldi. Bu esa ushbu yoʻnalishdagi ishni toʻgʻri yoʻlga qoʻyishimizda, buyrak va buyrak yetishmovchiligi bilan kasallangan, gemodializga muhtoj bemorlarni davolashda nihoyatda qoʻl keladi.

Endi Yangiyerda bugundan ish boshlagan gemodializ boʻlimi bir vaqtning oʻzida 10 nafar, bir yil davomida 300 ming nafar oʻtkir buyrak yetishmovchiligi kasalligi bilan kasallangan bemorlarga tibbiy xizmat koʻrsatish imkonini berib qolmay, surunkali buyrak kasaliga uchragan bemorlarning xastalikdan forigʻ boʻlishiga xizmat qiladi.

Gʻulom Primov,

Sirdaryo viloyat

Sogʻliqni saqlash boshqarmasi

matbuot kotibi.