Oʻzbekiston Konstitutsiyasiga oʻzgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya tuzildi. Konstitutsiyaviy komissiya oʻz faoliyatini “Jamiyat — islohotlar tashabbuskori” degan gʻoya asosida ochiqlik va shaffoflik tamoyillariga asoslangan holda olib borib, keng jamoatchilik vakillari hamda xalqning taklif va fikrlari asosida shakllantirayotgani eʼtiborga molik.
Konstitutsiyaviy komissiya huzuridagi Takliflar bilan ishlash guruhi tomonidan “Meningkonstitutsiyam.uz” platformasi, @meningkonstitutsiyam_bot telegram boti, koll-markazi, mahalla fuqarolar yigʻinlari, xalq deputatlari Kengashlari, elektron pochta, fuqarolarning bevosita qabuli orqali, shuningdek, jamoaviy takliflar asosida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalarni kiritish boʻyicha takliflar qabul qilinmoqda.
Konstitutsiyaviy komissiya matbuot xizmati habariga koʻra, 2022-yil 11-iyun holatiga jami 20148 ta taklif kelib tushgani, albatta mamlakatimizda keng jamoatchilik ahlining, aholining faol fuqarolik pozitsiyasini namoyon etayotganini koʻrsatadi.
Ushbu jarayonda mamlakatimizdagi oliy taʼlim muassasalari qatori Urganch davlat universitetining koʻp sonli jamoasi, xususan, tajribali professor-oʻqituvchilari, olim va mutaxassislari, yoshlari ham faol ishtirok etib, takliflar bildirishmoqda.
Joylarda boʻlgani kabi, oliy taʼlim muassasalarida mutaxassis olimlar, faol va iqtidorli yoshlar ishtirokida maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, anjumanlar, davra suhbatlari tashkil etilib, ularda nafaqat ushbu muhim jarayon haqida atroflicha maʼlumot berilmoqda, balki yoshlarning fikr va takliflari ham oʻrganilmoqda.
Albatta, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalarni kiritish boʻyicha takliflar qatorida oliy taʼlim tizimiga oid masalalar ham oʻz aksini topmoqda. Xususan, bu borada ilgari surilayotgan takliflardan biri — “Konstitutsiyada oliy taʼlim muassasalarining oʻzini oʻzi boshqarish huquqini kafolatlash zarur”ligi masalasidir. Bosh qonunda oliy taʼlim tashkilotlarining akademik erkinlik huquqini belgilab qoʻyish, maqsadga muvofiq, deb hisoblanmoqda. Shuningdek, oliy taʼlim muassasalarining tadqiqotlar oʻtkazish erkinligi huquqini ham konstitutsiyada qayd etib qoʻyish taklifi ilgari surilmoqda.
Bunday huquqiy kafolat nima beradi? Bu birinchi navbatda mamlakatimiz oliy taʼlim tizimida, barcha oliy taʼlim muassasalari orasida sogʻlom raqobat uchun teng imkoniyat va zamin yaratsa, ikkinchidan, zamon talablari asosida raqobatbardosh kadrlar tayyorlash uchun zarur shart-sharoitlarni mustahkamlaydi.
Oliy taʼlim tashkilotlarining akademik erkinlik huquqi — birinchi navbatda, oʻquv rejalari, dasturlar, taʼlim yoʻnalishlari — bularning barchasini oliy taʼlim muassasasining oʻzi mustaqil, bozordagi talabdan kelib chiqib, kasbiy standartlar asosida ishlab chiqish vakolatini huquqiy kafolatlaydi. Bundan tashqari, kunduzgi, masofaviy, sirtqi, kechki oʻqitish shakllarini, shuningdek, taʼlim olish muddatlari davomiyligini ham oliy taʼlim muassasasining oʻzi belgilaydi.
Bu bugungi tezkor, shiddat bilan oʻzgarayotgan zamonning oʻzi talab qilayotgan masalalardan biri sanaladi. Chunki akademik mustaqillik boʻlmasa, oliy taʼlim muassasalarida yangi gʻoya, tashabbus, innovatsion fikrlash, yangicha ilmiy tadqiqotlar boʻlmaydi.
Aynan rivojlangan davlatlarda ham oliy taʼlim muassasalarining bosqichma-bosqich oʻzini-oʻzi moliyalashtirishga oʻtishi, iqtisodiy barqarorlikni taʼminlash orqali akademik mustaqillikka erishishi, pirovard natijada malakali kadrlar tayyorlash hamda keng ilmiy-tadqiqotchilik faoliyatini yoʻlga qoʻyish tajribasi zamonaviy anʼanaga aylangani kuzatiladi.
Bir soʻz bilan aytganda, oliy taʼlim muassasalarining oʻzini oʻzi boshqarish huquqining kafolatlanishi respublikamizda oliy taʼlim muassasalarining moliyaviy imkoniyatlari hamda moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga, sogʻlom raqobatchilik muhitida ilmiy va pedagogik salohiyatini oshirish, fan va innovatsiyani rivojlantirish, taʼlim sifatini yaxshilash va taʼlim jarayonini bozor ehtiyojidan kelib chiqib tashkil etishga xizmat qiladi.
Sanjarbek Davletov,
UrDU yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy
ishlar boʻyicha birinchi prorektori,
t.f.d., professor