Olamsport.com xabariga koʻra, reytingdan olti nafar oʻzbekistonlik bokschi oʻrin olgan. Charm qoʻlqop ustalarimiz avvalgi oydagi reytinglarini saqlab qolishgan.
Eʼlon qilingan reytingda Murodjon Ahmadaliyev ikkinchi yengil vazn toifasida (-55,3 kg) chempion sifatida qayd etilgan. Ahmadaliyev shuningdek IBF yoʻnalishi chempioni ham hisoblanadi.
Birinchi yarim oʻrta vazn toifasida (-63,5 kg) janglarini olib borayotgan ikki bokschimiz avvalgi oydagi kabi oʻrinlarida qolishgan. Shahram Gʻiyosov oltinchi, Shohjahon Ergashev esa yettinchi pogʻonani egallab turibdi.
Birinchi oʻrta vazn (-69,85 kg) toifasida Isroil Madrimov esa ikkinchi oʻrinda turibdi.
Ikkinchi oʻrta vazn toifasidagi bokschimiz Bektemir Meliqoʻziyev (-76,2 kg) esa 15-oʻringa joylashgan. U ayni paytda WBA Continental Americas kamari sohibi boʻlib turibdi.
Yarimogʻir vazn toifasida (-79,3 kg) Rustam Toʻlaganov ham TOP-15dagi oʻrnini saqlab qolgan – 15-oʻrin.