Toshkent viloyati Yangiyoʻl tuman Soliq inspeksiyasi katta inspektori hamda Yangiyoʻl shahar Soliq inspeksiyasi shoʻba boshligʻi oʻzaro til biriktirib, tadbirkorlik subyekti faoliyatida aniqlangan soliq qarzdorligini uning foydasiga hal qilib berish evaziga 5 ming AQSH dollari talab qilishadi.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Yangiyoʻl tuman Soliq inspeksiyasi katta inspektori soʻralgan pul mablagʻidan 4500 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda holat yuzasidan mazkur mansabdor shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v”, “g” bandlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.
Davlat xavfsizlik xizmatining Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda esa, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining Davlat mehnat nazorati inspeksiyasi xodimi qizilmiya ildizini qayta ishlashga ixtisoslashgan xususiy korxonada sodir boʻlgan yongʻin oqibatida vafot etgan 2 nafar ishchining shartnoma asosida qonuniy ishlaganliklari haqida xulosa berish evaziga 10 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda holat yuzasidan mazkur mansabdor shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilgan