Bu haqda bugun AOKAda oʻtkazilgan brifingda “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ boshqarma boshligʻi maʼlumot berdi.
Uning taʼkidlashicha, Mahalliylashtirish dasturi doirasida 8 ta loyiha boʻyicha 6,3 milliard soʻmlik mahsulotlar ishlab chiqarish rejalashtirilgan boʻlib, bu koʻrsatkich 6,8 milliard soʻm yoki 108,1 foizga bajarilgan. Shuningdek, kooperatsiya aloqalari doirasida 1,5 milliard soʻmlik xaridlar koʻzda tutilgan boʻlib, amalda bu koʻrsatkich 1,7 milliard soʻm yoki 116,2 foizga yetgan.
Importni qisqartirish masalasida ham yuqori natijalar qayd etilgan. 583 ming AQSH dollari iqtisod qilish maqsad qilingan boʻlsa, bu koʻrsatkich 657 ming AQSH dollariga yetkazildi yoki reja 112,6 foizga bajarildi. 2025-yilda “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tomonidan 17 ta investitsiya loyihalari doirasida 701,93 million AQSH dollari oʻzlashtirilishi koʻzda tutilgan. Joriy yilning yanvar oyi uchun 35,2 million AQSH dollari oʻzlashtirish rejalashtirilgan boʻlib, bu koʻrsatkich 42 million AQSH dollariga yetdi va ijro 119,3 foizga uddalandi.
Ayni paytda Sergeli va Yunusobod tumanlarida kogeneratsiya loyihalari doirasida yangi gaz-porshenli qurilmalar qurilmoqda. Shuningdek, “Talimarjon“ va “Navoiy“ IESlarda umumiy quvvati 1715 MVt boʻlgan zamonaviy bugʻ-gaz qurilmalarini barpo etish ishlari davom ettirilmoqda.