Oʻzbekistonning Yaponiyadagi elchixonasi “Allm Inc” kompaniyasi bilan videokonferensaloqa formatida muzokaralar oʻtkazdi. Unda mamlakatimizda teletibbiyot loyihasini amalga oshirish masalasi muhokama qilindi. 

“Allm Inc” kompaniyasi Oʻzbekistonda maxsus ishlab chiqilgan mobil ilova shaklidagi raqamli platformani joriy etish boʻyicha pilot loyihani amalga oshirishni rejalashtiryapti. Ushbu platforma orqali nevrologlar, kardiologlar, yuqumli kasalliklar boʻyicha mutaxassislar, onkologlar va boshqalardan maslahat olish mumkin boʻladi. Xususan, bunday dasturlar koronavirus bilan kasallangan bemorlarni davolashda samarali ekani isbotlangan.

Ayni paytda mazkur platformadan dunyoning 21 mamlakatida foydalanilyapti. AQSH, Yaponiya, Yevropa Ittifoqi, Braziliyada foydalanish uchun ruxsat berilgan. Xitoy va Tailandda tasdiqlash bosqichida. Dastur BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari doirasida Yaponiya ichki ishlar va kommunikatsiyalar vazirligi tomonidan qoʻllab-quvvatlangan, deb xabar beradi “Dunyo” AA.

Muzokaralar davomida ushbu loyihani Oʻzbekistonda amalga oshirishning amaliy jihatlari va epidemiologik vaziyat barqarorlashayotgani munosabati bilan yapon mutaxassislarining mamlakatimizga tashrifini tashkil etish xususida fikr almashildi.