Yapon korporatsiyasi bir qator yirik loyihalarni amalga oshirishda hamkorlik qiladi

    Joriy yil 3-iyulda Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri oʻrinbosari Akram Aliyev “Sojitz Corporation” kompaniyasining prezidenti va bosh ijrochi direktori Kosuke Uemura bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Sojitz Corporation— 2004-yilda tashkil etilgan yapon korporatsiyasi boʻlib, energetika, infratuzilma, sanoat, qishloq xoʻjaligi hamda sogʻliqni saqlash sohalariga ixtisoslashgan. Kompaniyaning umumiy aktivlari 19,2 milliard dollarni, xodimlar soni esa 25,3 ming kishini tashkil etadi. 2024-yil iyun oyida kompaniya Toshkent shahrida oʻz vakolatxonasini ochgan, sentyabr oyida esa hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan strategik “Yoʻl xaritasi” imzolangan.

    Uchrashuv davomida Samarqand shahrida davlat-xususiy sheriklik asosida koʻp tarmoqli shifoxona, Sirdaryo viloyatida 1 573 MVt quvvatga ega parogaz elektr stansiyasi, shuningdek, Navoiy viloyatida 1 GVt quvvatli shamol elektr stansiyasi qurilishi kabi yirik loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama etildi.

    Tomonlar energetika, sogʻliqni saqlash va infratuzilma sohalaridagi investitsiyaviy loyihalar portfelini kengaytirish orqali strategik sheriklikni yanada mustahkamlash muhimligini taʼkidladilar, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.