Yapon milliy musiqa asboblari ijrosida davlatimiz madhiyasi yangradi

    Mamlakatimiz elchixonasi tomonidan «Yaponiya-O'zbekiston» do'stlik jamiyati bilan o'zaro hamkorlikda Tokioda O'zbekiston tarixi, madaniyati, sayyohlik salohiyati va zamonaviy taraqqiyotiga bag'ishlangan taqdimot marosimi o'tkazildi.

    Tadbirda Yaponiyaning vazirlik va idoralari, jamoat tashkilotlari, ilmiy va ishbilarmon doiralari hamda ommaviy axborot vositalari, shuningdek, ushbu mamlakatning oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan va turli sohalarda faoliyat olib borayotgan vatandoshlarimiz vakillari ishtirok etishdi.

    Elchi Muhsinxoʻja Abdurahmonov ishtirokchilarga soʻnggi yillarda mamlakatimiz hayotining iqtisodiy, ijtimoiy jabhalarida amalga oshirilgan islohotlar natijalari, erishilayotgan muvaffaqiyatlar va oʻzgarishlar haqidagi atroflicha maʼlumotlarni oʻrtoqlashdi.

    Davlatimiz rahbarining 2022-yil 20-dekabr kuni Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan Murojaatnomasi mazmun-mohiyatiga alohida eʼtibor qaratildi. Yaponiya tomonidan mamlakatimizda 2023-yilning “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”, deb eʼlon qilingani olqishlandi.

    Tadbirning madaniy qismida yapon milliy musiqa asboblari bilan mamlakatimiz davlat madhiyasi ijro etildi. Shuningdek, tadbir doirasida tashkil etilgan oʻzbek milliy liboslari, xalq amaliy sanʼati buyumlari koʻrgazmasi namoyishi chogʻida xalqimizning boy madaniy merosi, sayyohlik salohiyatiga doir rang-barang axborot materiallari mehmonlar oʻrtasida tarqatildi.

    Marosimda turizm yoʻnalishidagi hamkorlikka alohida eʼtibor qaratilar ekan, mamlakatimizning sayyohlik imkoniyatlari, tarixiy obidalari, urf-odat va anʼanalari, milliy libos hamda taomlari haqida batafsil soʻzlab berildi. Hozirgi kunda Oʻzbekistonda sayyohlik infratuzilmasini yaxshilash, ichki transport tizimini modernizatsiya qilish, xalqaro aeroportlarda “ochiq osmon” rejimini joriy qilish kabi qulayliklar haqidagi maʼlumotlar tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uygʻotdi.

    Tadbir Yaponiyada tashkil etilgan “Guliston” oʻzbek milliy raqs ansambli tomonidan taqdim etilgan badiiy dastur namoyishi bilan yakunlandi.