Kompaniyalarning kadrlar boʻyicha vakillari koʻpincha shunday deydi: “Agar siz universitet bitiruvchisini ishga yollamoqchi boʻlsangiz, iqtidorli talabani tanlang”.
Koʻpchilik aqlning tugʻma ekanligi va uni oʻrgatish yoki rivojlantirish uchun imkoniyatlar koʻp emasligiga ishonadi. Shunga qaramay, Toxoku universitetining Keksayishga qarshi tibbiyot ilmiy-tadqiqot instituti professori Yasuyuki Taki bunga mutlaqo qoʻshilmaydi, deb yozadi Inosmi.ru.
Takining taʼkidlashicha, nafaqat oʻsayotgan bolalar, balki oʻrta va keksa yoshdagi ishbilarmonlarning ham miyasi toʻgʻri ragʻbatlantirilsa, oʻz qobiliyatini yaxshilashi mumkin. “Neyrologiya doktori, iltimos, menga miyamni qanday yaxshilashim mumkinligini ayting” kitobida miya tadqiqotlarining soʻnggi topilmalari asosida aqliy qobiliyatni qanday rivojlantirish mumkinligi batafsil bayon qilingan.
Mutaxassisning taʼkidlashicha, iqtidorli boʻlish jamiyatda katta qiziqish uygʻotadi. Tez oʻzgarish davrida, masalan, yangi koronavirus jamiyatimiz tabiatini oʻzgartirib yuborganida bu muvaffaqiyatning kalitidir, bu mahorat emas, balki aql.
Uning soʻzlariga koʻra, iqtidor tushunchasi koʻpincha aqlga ishora qilish uchun ishlatiladi.
“Ota-onalar bolaning aqliy qobiliyatini yaxshilash mumkin emas, deb hisoblaydi, shuning uchun ular adashishadi. Baʼzilar fikricha, aql — bu tugʻma va siz uni yanada rivojlantirish uchun imkoniyatlaringiz kam”.
Shunday fikrga kelish bu sizning ishingiz, lekin miyaning qobiliyatini rivojlantirish mumkin emas, deb ishonish xato. Masalan, tadqiqotlar shuni koʻrsatdiki, IQning 50 foizga yaqini sotib olingan omillar bilan belgilanadi. Boshqacha aytganda, agar siz astoydil harakat qilsangiz, IQ darajasini oshirish uchun sizda koʻp imkoniyatlar boʻladi”, — dedi u.
“Ha. Agar siz kattalarning miyasini ragʻbatlantirsangiz, u rivojlanadi. Tashqi ogohlantirishlarga javoban oʻzgaruvchanlik qobiliyati egiluvchanlik deyiladi. Bu xususiyat kattalarda ham, bolalarda ham bor. Yangi nerv hujayralari har qanday yoshda ishlab chiqariladi”, — dedi professor, oʻrta va keksa odamlarning miyasi rivojlana oladimi, degan savolga javoban.
Professorning aytishicha, inson miyasidagi taxminan 100 milliard neyronlarning baʼzilari yoshga qaramay boʻlinishi va koʻpayishi mumkinligi aniqlangan. Bu qism gippokamp deb ataladi.
“Gippokamp — xotirani saqlash vazifasini bajaradi. U shunga javobgardir. Bolalarda uyqu davomiyligi va gipokamp hajm oʻrtasidagi bogʻliqlikni oʻrganish shuni koʻrsatdiki, sakkiz-toʻqqiz soatgacha uxlaganlarning xotira hajmi atigi besh-olti soat uxlaganlarga qaraganda koʻproq boʻladi. Bundan tashqari, kattalarda gipokamp depressiya bilan atrofiyaga uchrashi mumkin va bu Alsgeymer kasalligida birinchi navbatda roʻy beradi”, — dedi olim.
Mutaxassisning aytishicha, kattalarda ham, bolalarda ham miya maʼlumotni qayta ishlashi uchun asab hujayralari bir-biri bilan neyrotransmitter zanjirlari (sinapslar) orqali bogʻlanib, murakkab tarmoq hosil qiladi. Zanjirlar ulanishi bilan miya hajmi oshadi. Bolaning miyasi tarmoqlarni juda tez tiklaydi. Oʻz navbatida, kattalar mavjud tarmoqlarni kuchaytirishi va doimiy miya ragʻbat uygʻotishi bilan ularni kengaytirishi mumkin, garchi bu koʻproq vaqt talab qilsa ham.
“Agar bunday mashgʻulotlar quvonch keltirsa, men bunga qarshi emasman. Aksincha boʻlsa, davom etishning maʼnosi yoʻq. Oʻzingizning sevimli mashgʻulotingiz va qiziqishlaringiz bilan shugʻullanish yaxshiroqdir. Bunday faoliyat miyani ragʻbatlantiradi”, — dedi olim, savolga javob berarkan, miyani oʻyinlar va jumboqlar yordamida oʻrgatish kerak.
“Uzoq umr koʻradigan odamlarda intellektual qiziqish kuchaygani haqida dalillar mavjud. 100 yoshdan oshgan odamlar oʻrtasida oʻtkazilgan tadqiqotlar shuni koʻrsatdiki, ularning intellektual qiziqishi 60 yoshdan 84 yoshgacha boʻlgan odamlarga qaraganda yuqori darajada boʻlgan. Bundan tashqari, sevimli mashgʻulotlar va qiziquvchanlik miyaga ijobiy taʼsir koʻrsatadi va demensiyaning oldini oladi”, — deya tushuntirdi mutaxassis.
Shuningek, olimning aytishicha, bolaga “oʻrgan” emas, “oʻzing yoqtirgan ishni qil” deb aytish yaxshiroqdir.
“Men Tokio universitetida talabalarni qanday tarbiyalash kerak” nomli kitobni tahrir qildim. Talabalarning eng koʻp uchraydigan xususiyatlaridan biri shundaki, ular musiqa, sport va boshqa oʻyinlarda “nostandart” tajribaga ega boʻlishgan. Asosiysi, ular oʻqishga hech qanday aloqasi boʻlmagan narsalarni yaxshi koʻrishardi. Shuning uchun ota-onalarning “oʻrgan” emas, “oʻzingizga yoqqan ishni qil” degani toʻgʻriroqdir. Bu bolalar miyasi uchun samaraliroq boʻladi, — deya qoʻshimcha qildi olim.
Tadqiqotlar shuni koʻrsatdiki, sevimli mashgʻulotlari bolalarning oʻquv faoliyatiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Oʻsmirlik davrida raqs, musiqa, sanʼat, fan, yozish, teatr va sportda muvaffaqiyat qozonganlar kelajakdagi ishlarida ham muvaffaqiyat qozongan. Maʼlum boʻlishicha, Nobel mukofoti sovrindorlari orasida bu mukofotga sazovor boʻlmagan boshqa olimlarga qaraganda sanʼatga qiziquvchilar koʻproq.
Yasuyuki Taki — koʻplab kitoblarning muallifi, jumladan, uning “Sogʻlom miya uchun hayot” va “Miyani tiklash: miya salomatligi uchun muhim odatlar” kitoblari 100 ming nusxadan ortiq sotilgan.