Yaponiya bilan sanoat kooperatsiyasi va savdo hajmini oshirish boʻyicha aniq chora-tadbirlar belgilab olindi

    Joriy yil 29-31-oktyabr kunlari Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Tokio shahrida ushbu mamlakat rasmiylari, moliya institutlari va yirik kompaniyalari rahbarlari bilan bir qator uchrashuv va muzokaralar oʻtkazdi.

    Uchrashuvlar davomida Oʻzbekiston-Yaponiya savdo-iqtisodiy va moliyaviy-texnikaviy hamkorlikning bir qator dolzarb masalalari muhokama etilib, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida sanoat kooperatsiyasi va savdo hajmini yanada oshirish boʻyicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

    Jumladan, Iqtisodiyot, savdo va sanoat vaziri Yoji Muto hamda Yer resurslari, infratuzilma, transport va turizm vaziri Tetsuo Saito bilan oʻtkazilgan muzokaralar chogʻida foydali qazilmalar, kimyo, mashinasozlik, energetika va boshqa sohalarda hamkorlikni kengaytirish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.

    Bundan tashqari, tomonlar qurilish standartlarini yangilash, seysmik xavfsizlikni taʼminlash, jamoat transportini boshqarishning ilgʻor tizimlarini joriy etish sohasida hamkorlik qilishga kelishildi. IT-Park Tashkent bilan autsorsing sohasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish maqsadida Yaponiya IT-kompaniyalarining Oʻzbekistonga biznes missiyasi tashkil etiladi va Oʻzbekistonning Yokogama shahrida boʻlib oʻtadigan EXPO 2027 xalqaro meva-sabzavotchilik koʻrgazmasidagi ishtiroki tashkil etiladi.

    JBIC agentligi rahbari bilan uchrashuv chogʻida Yaponiya kompaniyalarining Oʻzbekistondagi loyihalari uchun suveren boʻlmagan moliyalashtirishni ajratishni nazarda tutuvchi uch yillik hamkorlik dasturi imzolandi.

    JICA tomonidan muhandis kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirish, sanoat texnoparkini tashkil etish hamda aholini tadbirkorlik koʻnikmalariga oʻrgatish boʻyicha “Bir hudud – bir mahsulot” dasturini ishga tushirish yoʻnalishlarida yangi loyihalar ishlab chiqish dasturi qabul qilindi.

    Sojitz, Toyota Tsusho, Sumitomo, Jogmec va Itochu kompaniyalari boshqa shakllar qatorida DXSH tamoyillari asosida sanoat va infratuzilmani rivojlantirish boʻyicha qoʻshma loyihalarda ishtirok etadilar.

    Umuman olganda, tashrif chogʻida Yaponiya hukumati va ishbilarmon doiralari oʻrtasida Oʻzbekistonda yaratilgan sarmoyaviy muhitga yuqori ishonch, shuningdek, mamlakatimiz tadbirkorlari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va investitsiya loyihalarini amalga oshirishda faol ishtirok etishga tayyorlik qayd etildi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.