J. Ortiqxoʻjayev Oʻzbekistonga boʻlgan qiziqish uchun mehmonlarga minnatdorlik bildirib, yaponiyalik tadbirkorlarga Toshkentda biznesni tashkil etish va yuritishda har tomonlama koʻmak berishga tayyorligini aytib oʻtdi.
Investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasining mutaxassislari poytaxtda roʻy bergan oʻzgarishlar, uning investitsion salohiyati va boshqa imkoniyatlariga bagʻishlangan qisqa taqdimot oʻtkazdilar. Xususan, poytaxtimizdagi “Texnopark”, IT-park va KSZlari hamda Toshkentda faoliyat yuritayotgan boshqa shaharsozlik va investitsiya loyihalari haqida batafsil maʼlumot berildi.
Shuningdek mehmonlar shahar hududida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan istiqbolli investitsiya loyihalari haqida ham maʼlumotga ega boʻldilar. Sh. Rahmonov aksariyat yirik loyihalarda ishtirok uchun yaponiyalik ekspert va mutaxassislar jalb etilganini taʼkidladi.
Yaponiya delegatsiyasining vakillari iliq qabul va maʼlumotlar uchun minnatdorlik bildirib, oʻzlari vakillik qilayotgan kompaniyalarning faoliyat yoʻnalishlari haqida maʼlumot berib oʻtdilar. Xususan, GIC holding direktori Xattori Ay poytaxtimizdagi yirik biznes-markazi hududida yapon restoranini tashkil etishga qiziqish bildirdi.
Yaponiyalik tadbirkorlar yapon va oʻzbek madaniyatlari yaqinligini taʼkidlab, kichik ovqatlanish nuqtalari, yapon mahsulotlari va esdalik sovgʻalar doʻkonlari joylashgan alohida koʻchani tashkil etishni koʻzda tutuvchi Japanese Street loyihasini amalga oshirish taklifini bildirdilar. Mehmonlarning aytishicha, bu koʻcha qoʻshma koʻrgazmalar, yarmarka va festivallar oʻtkazish uchun ajoyib manzilga aylanadi va, shubhasizki, poytaxtning turistik jozibadorligini oshiradi.
Uchrashuv yakunida Sharof Rahmonov hamkorlik yoʻnalish va istiqbollarini aniqlashda har tomonlama koʻmak koʻrsatishga tayyorligini bildirdi, deb xabar beradi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.