Payshanba kuni Oʻzbekistonning Tokiodagi elchixonasi akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatik korpus vakillari bilan birgalikda Xirosima shahrining atom bombasi bilan portlatilganligining 75 yilligiga bagʻishlangan xotira tadbirlarida ishtirok etdi, deya xabar beradi “Dunyo” AA muxbiri.
Rasmiy marosim doirasida atom bombasi qurbonlari xotirasiga bir daqiqalik sukut saqlandi, dunyo mamlakatlari delegatsiyalari tomonidan gullar qoʻyildi.
Tadbirda Yaponiya Bosh vaziri Shinzo Abe nutq soʻzladi.
U oʻz nutqida hukumatning yadroviy qurolsizlanish masalasiga sodiqligini eʼlon qildi. Bosh vazirning soʻzlariga koʻra, “uchta yadro boʻlmagan tamoyilga amal qilgan holda, Yaponiya xalqi turli pozitsiyalarga ega davlatlar oʻrtasida koʻprik vazifasini oʻtaydi va qatʼiyat bilan ularni muloqotga chorlaydi. Shu tarzda Yaponiya global hamjamiyatning yadro qurolsiz dunyoni yaratish borasidagi saʼy-harakatlariga rahbarlik qiladi.”
Xirosima meri K. Matsui “Tinchlik deklaratsiyasi”ni oʻqib eshittirdi. BMT Bosh kotibi Antonriu Guterrish ishtirokchilarga oʻz videomurojaatini yoʻlladi.
Maʼruzachilar Xirosima va Nagasaki shaharlaridagi atom portlashlarining fojiali oqibatlarini eslashga, yadroviy qurolsiz dunyoga intilishga chaqirdilar. Shuningdek, har bir maʼruzachi koronavirus xavfiga qarshi faol kurashish va bu boradagi saʼy-harakatlarni birlashtirish zarurligini taʼkidladi.