Bosh vazir Fumio Kisidaning aytishicha, Yaponiya mahalliy baliqchilarning xavotirlari va Xitoyning noroziliklariga qaramay, payshanba kuni atom elektr stansiyalaridan suvni okeanga to'kishni boshlaydi. Uning qo'shimcha qilishicha, agar ob-havo imkon bersa, jarayon boshlanadi.

Iyul oyida MAGATE ekspertlari Tokio rejasi global xavfsizlik standartlariga javob beradi va “odamlar va atrof-muhitga ahamiyatsiz radiologik ta'sir ko'rsatadi” degan xulosaga kelishgandi, deb xabar beradi korrespondent.net.

2011-yilning mart oyida Yaponiyada zilzila sodir bo'lib, sunamiga sabab bo'lgandi. Katta to'lqin Fukusima-1 AESdagi avariyaga olib kelgan edi.

2021-yil aprel oyida Yaponiya hukumati stansiyadagi suv maxsus tozalashdan so'ng sekin-asta okeanga chiqarilishi borasidagi rejalarini e'lon qildi. Tokioning qarori qo'shni davlatlar va xususan baliqchilik sanoati vakillarining noroziligiga sabab bo'ldi, ular iste'molchilar hududda ovlangan har qanday dengiz mahsulotlaridan bosh tortishidan qo'rqishdi.

Ba'zi olimlarning fikricha, bunday harakatning uzoq muddatli oqibatlari aniq emas, shuning uchun suvni chiqarishni kechiktirish kerak.