Yaponiya HANWA va Ernst & Young Shinnihon kompaniyalari Oʻzbekistonning muqobil energetika bozoriga kiradi

    Investitsiyalar 21 Sentabr 2023 1426

    Joriy yil 20-sentyabrda Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri oʻrinbosari Oybek Xamrayev Yaponiyaning HANWA va Ernst & Young Shinnihon kompaniyalari vakillari bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Uchrashuv davomida tomonlar Oʻzbekiston va yapon hamkorlar bilan muqobil energetika sohasida munosabatlarni kengaytirish va rivojlantirish istiqbollarini, shuningdek, Oʻzbekistonda quyosh panellarini oʻrnatish boʻyicha loyihalarni amalga oshirish uchun kompaniyaning toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarini jalb etish imkoniyatlarini muhokama qildi.

    Xorijiy tomon mamlakatimizning sanoat va texnologik salohiyati, shuningdek, energetika sohasida tadbirkorlik va sarmoyaviy faoliyat yuritish uchun yaratilgan qulay investitsiya muhiti, imtiyoz va preferensiyalar bilan yaqindan tanishib chiqdi.

    Maʼlumot uchun: 2022 yil 25-oktyabrda Qoʻshma kredit mexanizmi (JCM) boʻyicha mamlakatlarimiz hukumatlari oʻrtasida imzolangan Hamkorlik memorandumi doirasida Yaponiya Iqtisodiyot, savdo va sanoat vazirligi Hanwa kompaniyasiga Oʻzbekistonda muqobil energiya sohasidagi loyihalarni amalga oshirish uchun subsidiya sifatida 200 ming dollar ajratdi.

    Uchrashuv yakuni boʻyicha tomonlar oʻrtasida mamlakatimizda quyosh panellarini oʻrnatish loyihasini birgalikda amalga oshirish yuzasidan amaliy ishlarni boshlashga kelishildi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.