Yaponiya kompaniyalari yangi istiqbolli yoʻnalishlar boʻyicha tenderlarda ishtirok etishga taklif etildi

    Xalqaro hamkorlik 26 Noyabr 2023 2252

    Poytaxtimizda “davlat va biznes” formatida tashkil etilgan davra suhbatida Yaponiyaning Rossiya va yangi mustaqil davlatlar bilan savdo boʻyicha ROTOBO uyushmasiga aʼzo yirik kompaniyalar rahbarlari ishtirok etdi.

    Yaponiya tomonidan ROTOBO prezidenti Masami Iijima va Oʻzbekiston tomonidan Bosh vazir oʻrinbosari Jamshid Xodjayev rahbarligida oʻtkazilgan tadbirda Oʻzbekistonning asosiy vazirlik va idoralari rahbarlari ishtirok etdi.

    Joriy qoʻshma loyihalar va Oʻzbekiston-Yaponiya savdo-investitsiya hamkorligini rivojlantirish istiqbollarini muhokama etish doirasida mamlakatimizda tadbirkorlar va investorlarni qoʻllab-quvvatlash borasida imtiyoz va preferensiyalar amal qilayotgani taʼkidlandi. Jumladan, kichik biznes sohasida ikki yuzdan ortiq turdagi litsenziyalar va ruxsat berish tartib-taomillari bekor qilindi, soliqlarning umumiy soni qisqartirildi, ayrimlarining stavkalari ikki baravarga pasaytirildi. Uchrashuv davomida Oʻzbekistonda yapon tadbirkorlari duch kelayotgan muammolar ham koʻtarilib, ularni hal etish mexanizmlari muhokama etildi.

    Ishtirokchilar ustuvor tarmoqlarda hamkorlikning yangi yoʻnalishlari taqdimotiga alohida eʼtibor qaratdilar.

    “Maʼlumki, Yaponiya dunyoda birinchilardan boʻlib 2050-yilgacha uglerod neytralligiga erishishni maqsad qilgan. U “yashil energiya” sohasida yetakchi oʻrinni egallab kelyapti. Gidroelektr stansiyalar va issiqlik elektr stansiyalariga muqobil qurilma yaratish kelajakda energiya taqchilligining oldini olish uchun zarur chora-tadbirlardan biridir. 2026-yilgacha Oʻzbekistonda 5 GVt quyosh energiyasi va 3 GVt shamol energiyasini oʻz ichiga olgan qoʻshimcha energiya quvvatlarini yaratish rejalashtirilyapti. Yaponiya kompaniyalarini Oʻzbekiston Respublikasi hududida quyosh va shamol elektr stansiyalarini, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida qurish boʻyicha tenderlarda ishtirok etishga taklif etamiz”, — deya taʼkidlab oʻtdi Bosh vazir oʻrinbosari Jamshid Xodjayev davra suhbati ishtirokchilariga murojaatida.

    Oʻzbekiston-Yaponiya hamkorligining boshqa muhim yoʻnalishlari qatorida togʻ-kon sanoati, mashinasozlik, farmatsevtika, kimyo va toʻqimachilik sanoati, qishloq xoʻjaligi kabi sohalar ham belgilab oʻtildi.

    IT va innovatsiyalar sohasida Yaponiyaning eng yaxshi kiber, bio va nanotexnologiyalarini transfer qilishga, shuningdek, Yaponiya innovatsiyalari va ilmiy ishlanmalarini Oʻzbekiston infratuzilmasi va kadrlar salohiyati bilan uygʻunlashtirishga qiziqish bildirildi.

    Oʻzbekistonning tarmoq vazirliklari va idoralari rahbarlari alohida maʼruza va takliflar bilan chiqdi. Ular bilan birga Yaponiyaning “ITOCHU Corporation”, “Sumitomo Corporation”, “Sojitz Corporation”, “Mitsubishi Corporation”, “Mitsui& Co., Ltd” kompaniyalari rahbarlariga soʻz berildi. Yangi loyiha va tashabbuslarni ishlab chiqish hamda amaliyotga tatbiq etish choralarini koʻrishga oʻzaro tayyorlik fikri bildirildi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.