Anjuman Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi, Yapon tili va kasbiy malaka test markazi, Yaponiyaning “Nippon Educational Academy” instituti hamkorligida amalga oshirilayotgan ishlar, Yaponiya davlatida xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy qilish chora-tadbirlariga bagʻishlandi.

Soʻnggi yillarda tashqi mehnat migratsiyasi sohasini yangi bosqichga koʻtarish, fuqarolarni xorijga ishga jalb qilish, buning uchun ularga zarur boʻlgan kasb va chet tillarini oʻrgatish boʻyicha salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.

Keyingi toʻrt yilda xorijiy ish beruvchilar bilan olib borilgan muzokaralar, istiqbolli hamkorlikka qaratilgan kelishuvlar natijasida tashqi mehnat bozorida asosan umumqurilish sohasi ustalari, ishlab chiqarish, texnik kasblar, qishloq xoʻjaligi, servis va xizmat koʻrsatish sohasi boʻyicha kichik mutaxassislarga talab yuqoriligi aniqlandi. Shu asosda, mehnat migrantlarini mehnat faoliyati geografiyasidan kelib chiqib, 20 dan ortiq kasbga, rus, ingliz, koreys va yapon tillariga oʻqitish boʻyicha qisqa kurslar yoʻlga qoʻyildi.

Xalqaro tajriba va amaliyotlarni oʻrganish natijasida kuzatilgan asosiy jihatlardan biri shuki, mehnat migratsiyasida ishtirok etuvchi fuqaroning kasbiy malakasi va chet tilini bilish darajasi yuqori boʻlishi uni kafolatlangan, ilgʻor texnika va texnologiyaga asoslangan hamda yuqori ish haqiga ega boʻlgan ish oʻrinlarida mehnat faoliyatini amalga oshirishida muhim omil hisoblanadi. Bu borada mamlakatimizning barcha hududlarida 15 ta “Ishga marhamat” monomarkazlari, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tasarrufida 30 ta kasb-hunarga oʻqitish markazi va 136 ta mahalladagi kasb-hunar maskanlari, 252 ta turli vazirlik va idoralar hamda nodavlat taʼlim muassasalari imkoniyatlaridan foydalangan holda fuqarolar chet tillari va turli kasb-hunarlarga oʻrgatilmoqda.

2020-yil 15-sentyabrdagi “Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarorida 2021-yilda Yaponiya ish beruvchilari bilan hamkorlikda Toshkent shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida “Yapon tili va kasbiy malaka” test markazini tashkil etish vazifasi belgilangan. Mazkur markaz bugungi kunda Toshkent shahri va mamlakatimizning barcha hududiy “Ishga marhamat” monomarkazlari qoshida tashkil etildi.

Shuningdek, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va Yaponiyaning vakolatli vazirlik va idoralari oʻrtasida 2019-yil 17-dekabrda “Maxsus malaka ishchilari” maqomiga ega boʻlgan xorijiy mehnat resurslari tizimining tegishli ravishda amalga oshirilishi toʻgʻrisida imzolangan hukumatlararo hamkorlik kelishuvi doirasida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi bilan hamkorlikda Oʻzbekistonda ilk bor Yaponiyaning “Nippon Educational Academy” institutining yapon tili va kasbiy malaka oʻqitish tizimi joriy qilindi. Mazkur tizim doirasida 29 nafar oʻzbek va yapon mutaxassislari qariyb 400 nafar fuqaroning Yaponiya standarti asosida turli sohalarda kasbiy malakalarini oshirmoqda.

Kasbiy malakalarini oshirayotgan fuqarolarni kelajakda Yaponiya kompaniyalarida bilim va koʻnikmalarini oshirishlarini taʼminlash uchun Yapon tili va kasbiy malaka test markazi va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi bilan hamkorlikda qator yapon kompaniyalari bilan shartnomalar imzolandi.

Butun dunyoda yuzaga kelgan pandemiya sharoiti tufayli Yaponiyadagi mavjud karantin vaziyati yumshashi bilan taʼlim olayotgan fuqarolar belgilangan test sinovlarini topshirgan holda Yaponiyaga yoʻnaltiriladi. Natijada bu kabi ishlar ikki mamlakat oʻrtasidagi mehnat munosabatlarini yana-da rivojlantirish bilan bir qatorda, Yaponiya mehnat bozorida Oʻzbekiston segmentini yaratish va uning raqobatdoshligini oshirishga xizmat qiladi, deb xabar beradi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi matbuot xizmati.