Shu munosabat bilan oʻtkazilgan tantanali tadbirda Sogʻliqni saqlash vaziri B. Musayev, Yaponiya Parlamentining vakillar palatasi aʼzosi Keidzi Furuya, Yaponiyaning Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Yoshinori Fudziyama ishtirok etdi.

Unda qayd etilganidek, COVID-19 pandemiyasining ilk kunlaridanoq Yaponiya hukumati Oʻzbekistonga birinchilar qatorida insonparvarlik yordami koʻrsata boshladi.

Xususan, 2020-yil mart oyida mamlakatimiz sogʻliqni saqlash tizimini qoʻllab-quvvatlash maqsadida ushbu davlat tomonidan 500 million iyena ajratildi.

Mazkur mablagʻ hisobiga dastlab Yaponiyada ishlab chiqarilgan virusga qarshi samarali dori vositalari, keyinchalik Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) tomonidan mamlakatimiz tibbiyot muassasalariga yuqori texnologik rentgen apparatlari olib kelib oʻrnatildi.

Bu gal ushbu grant loyihasi hisobidan yurtimizdagi 3 ta tibbiyot muassasasiga Aquilion Prime SP 160 KT kompyuter tomografiyasi uskunalari hamda 1 dona maxsus jihozlangan SANSEI tibbiy-diagnostika konteyneri topshirildi.

Rejaga muvofiq, zamonaviy kompyuter tomografiyasi qurilmalari Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, Respublika epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda Buxoro davlat tibbiyot instituti klinikasiga taqdim etildi.

Tibbiy diagnostika konteyneri esa yurtimizning olis hududlarida yashovchi aholiga sifatli tibbiy xizmat koʻrsatish maqsadida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga topshirildi.

Ushbu kompyuter tomografiyasining oʻziga xos afzalliklari shundaki, u orqali bemorlarni har qanday tekshiruvdan oʻtkazish mumkin. Qolaversa, ushbu uskunaning boshqarish opsiyasi minimal radiatsiya taʼsirida yuqori sifatli tasvirlarni olish imkonini beradi.

Bundan tashqari, SANSEI tibbiy-diagnostika konteyneri oflayn rejimda ishlovchi mustaqil mobil diagnostika jamlanmasi boʻlib, u kompyuter tomografiyasi, ultratovush diagnostika hamda rentgen apparatlari bilan jihozlangan.

Tadbirda mazkur zamonaviy uskunalar bemorlarga oʻz vaqtida aniq tashxis qoʻyishga xizmat qilishi, shuningdek, soha xodimlariga katta qulaylik yaratishi alohida taʼkidlandi, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.