Yurtingizga tashrif buyurish boʻyicha bir necha yillik orzuim amalga oshganidan chin dildan xursandman.

Markaziy Osiyo, xususan, Oʻzbekiston va Yaponiya oʻrtasidagi ayirboshlash tarixi ming yildan koʻp davrga borib taqaladi. Ipak yoʻli orqali mamlakatimizga turli madaniyat va texnologiyalar kirib keldi va Yaponiya tarixi va jamiyatiga katta taʼsir koʻrsatdi. Oʻzbekiston va Yaponiyani bir necha ming kilometr quruqlik va dengiz ajratib turganiga qaramay, oʻtgan yillar davomida xalqlarimiz madaniy va etnik yaqinlik tuygʻusini saqlab, mustahkamlab kelmoqda.

Ikkinchi jahon urushi tugagandan soʻng koʻp sonli yaponiyaliklar sobiq Sovet Ittifoqi tomonidan internirlangan edi. Shunga qaramay, Oʻzbekistondagi yaponiyalik ishchilar va mahalliy aholi oʻrtasida iliq munosabatlar shakllandi. Yaponlar koʻmagida barpo etilgan Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatrining mahobatli binosi ikki davlat oʻrtasidagi doʻstlik timsoliga aylandi. Eshitishimcha, 1966-yilda Toshkentdagi zilzila paytida ushbu bino zarar koʻrmay qolgan va hozirda shahar aholisining opera va balet tomosha qilish maskani boʻlib xizmat qilmoqda.

Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach, 1992-yilda Yaponiya va Oʻzbekiston oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatildi. Yaponiya oʻttiz yildan ortiq vaqt davomida Oʻzbekiston taraqqiyotini izchil qoʻllab-quvvatlab keladi va doimo uning ishonchli hamkori hamda doʻsti boʻlib kelayotir.

Koʻp yillik tarix va doʻstlikka asoslangan ikki tomonlama munosabatlarimiz izchil rivojlanib bormoqda. Yaponiya Oʻzbekistonning iqtisodiy va ijtimoiy sohalardagi islohotlarni ilgari surish yoʻlidagi saʼy-harakatlarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlab, uning rivojlanishiga, jumladan, infratuzilmani yaxshilash, kadrlar tayyorlash kabi sohalarda har tomonlama koʻmak bermoqda.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylari tomonidan amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan moliyaviy kreditlar ajratish, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga koʻmaklashish soʻnggi yillardagi hamkorlikka misol boʻla oladi. Shuningdek, biz issiqlik elektr stansiyalarini, xususan, Navoiydagi stansiyasini modernizatsiya qilish orqali iqtisodiy infratuzilmani rivojlantirishga yordam beryapmiz.

Bundan tashqari, Orol dengizining qurishi natijasida yuzaga kelgan muammolar, jumladan, murakkab iqlim sharoitida barqaror qishloq xoʻjaligini rivojlantirish va texnologiyalar bilan taʼminlash orqali oʻz-oʻziga boʻlgan ishonchni qoʻllab-quvvatlash rejasini ishlab chiqayapmiz.

Shuningdek, biz sogʻliqni saqlash xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilash va davlat qurilishi uchun inson resurslarini tayyorlash kabi sohalarda koʻmaklashamiz. Yaponiyaning bunday hissasi zamonaviy Oʻzbekiston rivojiga zarracha boʻlsada yordam bersa, bu biz uchun katta quvonch baxsh etadi.

Chunki, Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylari 2016-yilda Prezident lavozimiga kirishganidan soʻng Oʻzbekiston uning rahbarligida barqaror iqtisodiy rivojlanish sari yuz tutdi. Shu munosabat bilan Yaponiya va Oʻzbekiston oʻrtasidagi ikki tomonlama munosabatlar keyingi yillarda tobora jadal rivojlanmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylarining 2019-yil dekabr oyida Yaponiyaga buyurgan tashrifi ikki tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini sifat jihatidan yanada yuqori bosqichga koʻtardi va turli sohalardagi hamkorlikni rivojlantirishda muhim bosqich boʻldi.

Oʻshandan beri har ikki davlat energetika va qishloq xoʻjaligi sohalarida yangi oʻzaro sheriklikni ilgari surmoqda va ikki davlat oʻrtasidagi ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, shuningdek, mintaqaviy va akademik aloqalarni mustahkamlash orqali keng koʻlamli gumanitar almashinuvlarni amalga oshirishga harakat qilmoqda.

Yaponiya Markaziy Osiyoning ahamiyatiga oʻz vaqtida eʼtibor qaratgan holda, Yaponiya katalizator sifatida mintaqaviy hamkorlik jarayonini mustaqil olgʻa siljitish uchun davlatlarga shart-sharoit yaratish maqsadida 2004-yilda dunyoning boshqa davlatlaridan oʻzib, “Markaziy Osiyo+Yaponiya” muloqot formatini tashkil etdi. 20-yildan ortiq vaqt davomida uzluksiz amalga oshirilayotgan koʻplab siyosiy muloqotlar va gumanitar almashinuvlar, jumladan, shu kungacha 9-marta oʻtkazilgan Tashqi ishlar vazirlari uchrashuvlari Yaponiya va Markaziy Osiyoni bogʻlovchi mustahkam boʻgʻinga aylandi.

Hozirgi vaqtda Markaziy Osiyo mustahkam iqtisodiy rivojlanishga erishdi hamda uning Yevropa va Osiyoni bogʻlovchi muhim savdo yoʻli sifatidagi ahamiyati tobora ortib bormoqda.

Shu bilan birga, Yaponiya tomoni xalqaro vaziyatning oʻzgarishi munosabati bilan Markaziy Osiyo davlatlari turli taʼsir turlarini boshdan kechirayotganini yaxshi tushunadi. Aynan hozir, Markaziy Osiyo atrofidagi vaziyat keskin oʻzgarib borayotgan bir paytda, mintaqaviy hamkorlik zarur.

Bunday vaziyatda Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylari Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasidagi muloqotni rivojlantirish, davlat chegaralari va suv resurslari kabi muhim masalalar boʻyicha konstruktiv va tinch muloqotni taʼminlashda yetakchi rol oʻynamoqda.

Bu yoʻnalish “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqoti maqsadiga toʻliq mos keladi. Mavjud vaziyatni inobatga olgan holda, Yaponiya tomoni “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqoti doirasida Markaziy Osiyo bilan munosabatlarni yanada mustahkamlash va Markaziy Osiyo bilan birgalikda qonun ustuvorligiga asoslangan erkin va ochiq xalqaro tartibni qatʼiy qoʻllab-quvvatlash niyatida. Tashrifimdan asosiy maqsad ham shu.

27-avgust kuni Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Janobi Oliylari bilan kechadigan uchrashuvda, ikki davlat tashqi siyosat idoralari rahbarlarining birinchi strategik muloqoti doirasida siyosat, iqtisodiyot va madaniyat kabi turli sohalardagi munosabatlarni yanada rivojlantirish, xalqaro chaqiriqlarga birgalikda javob berish masalalari yuzasidan samimiy fikr almashamiz.

Yaponiya tomoni Oʻzbekistonning iqtisodiy rivojlanishiga kadrlar tayyorlash, “yashil” energiya, asosiy ijtimoiy xizmatlar sifatini oshirish va boshqa yoʻnalishlarda koʻmaklashishda davom etadi va shu orqali jadal rivojlanayotgan Oʻzbekiston bilan oʻzaro manfaatli hamkorlik salohiyatini rivojlantiradi.

Xulosa oʻrnida shuni taʼkidlashni istardimki, joriy yilning aprel oyida Osaka shahrida boshlangan “Kelajak jamiyatini hayotimiz uchun loyihalash” mavzusidagi Butunjahon koʻrgazmasida “Bilimlar bogʻi” “The Garden of Knowledge” konsepsiyasi aks ettirilgan Oʻzbekiston pavilyoniga har kuni koʻplab mehmonlar tashrif buyurmoqda. 17-avgust kuni Oʻzbekiston Milliy kuniga bagʻishlab Oʻzbekiston Prezidenti Administratsiyasi Kreativ iqtisodiyot va turizm departamenti mudiri Gayane Umerova xonim ishtirokida juda qiziqarli tadbir boʻlib oʻtdi.

Umid qilamizki, EKSPO koʻrgazmasi ikki mamlakat oʻrtasidagi turli darajadagi iqtisodiy va gumanitar aloqalarni yanada mustahkamlashda muhim turtki boʻlib xizmat qiladi. EKSPO tugashiga salkam bir yarim oy vaqt qoldi, bu vaqt ichida Yaponiyaga yanada koʻproq Oʻzbekiston fuqarolari tashrif buyuradi, degan umiddamiz.

Takesi IVAYA,

Yaponiya tashqi ishlar vaziri

Tokio shahri