Yaponiya tashqi savdoni rivojlantirish tashkiloti bilan vebinar oʻtkazildi

    Xalqaro hamkorlik 30 Sentabr 2021 1136

    Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Yaponiya tashqi savdoni rivojlantirish tashkiloti (JETRO) oʻrtasida tuzilgan hamkorlik toʻgʻrisida bitim doirasida Yaponiyaning kichik va oʻrta biznes vakillari uchun navbatdagi vebinar oʻtkazildi.

    Tadbirda JETROga aʼzo boʻlgan yapon tashkilotlari, korxona va kompaniyalarining 50 dan ortiq vakillari ishtirok etdi.

    Vebinar mamlakatimizda biznes yuritish uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar hamda tarmoqlar va mintaqalarning investitsiyaviy jozibadorligining asosiy omillarini keng yoritish maqsadida tashkil etildi.

    Vebinar doirasida Buxoro va Navoiy viloyatlarida, xususan “Navoiy” EIZda amalga oshirilgan muvaffaqiyatli misollar atroflicha koʻrib chiqildi.

    Ushbu hududlarda biznes yuritishning afzalliklari va investitsiya loyihalarini amalga oshirishning shart-sharoitlari, taqdim etilayotgan soliq imtiyozlari va boʻlajak yapon investorlari uchun yaratilayotgan boshqa imkoniyatlarni ochib beruvchi taqdimotlar oʻtkazildi.

    Yaponiya tomonidan JETROning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari D.Takaxashi taqdimot bilan ishtirok etib, Yaponiya biznesi nuqtayi nazaridan Oʻzbekiston bozorining oʻziga xos xususiyatlari va ushbu hududlarga sarmoya kiritishda Yaponiya biznesini qoʻllab-quvvatlash choralari haqida batafsil soʻzlab berdi.

    Vebinar yakunida oʻzaro manfaatli hamkorlik istiqbollarini hamda aniq investitsiyaviy loyihalarni batafsil muhokama qilish maqsadida JETRO vakillari boshchiligidagi Yaponiya tashkilotlari va kompaniyalari rahbarlaridan iborat boʻlgan delegatsiyaning Oʻzbekistonga tashrifini tashkil etishga kelishildi.

    Maʼlumot uchun: 2021-yil 20-may va 29-iyun kunlari JETRO bilan hamkorlikda Yaponiya ishbilarmon doiralarining Toshkent va Samarqand viloyatlaridagi yakka tartibdagi korxonalar misolida Oʻzbekistonning investitsiyaviy muhiti bilan keng tanishishiga bagʻishlangan vebinarlar oʻtkazildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.