Qor yogʻishi va kuchli shamol Yaponiyaning koʻplab hududlarida transport aloqalarini buzdi, deb xabar bermoqda mahalliy OAV.
Mamlakat hukumati bosh kotibi Xirokazu Matsuno sovuq front kelishi bilan kuchli qor yogʻishi kamida bir kishining oʻlimiga sabab boʻlganini aytmoqda.
Yaponiya havo yoʻllari chorshanba kuni ertalab soat 6:00 holatiga koʻra 151 ta, All Nippon Airways esa 85 ta reysni bekor qilgan. Qayd etilishicha, bu reyslar asosan Yaponiya dengizi sohilidagi aeroportlarga amalga oshirilgan.
Qor yogʻishi tezyurar poyezdlar harakatiga ham taʼsir qilgan. Koʻplab tezyurar poyezdlar harakati toʻxtatilgan.
Transport departamenti ob-havo sharoitiga qarab, davlat yoʻllari qor tozalash uchun yopilishi mumkinligini aytmoqda.
Yaponiya meteorologiya agentligi mamlakatning ayrim hududlarida soʻnggi oʻn yillikdagi eng sovuq havo harorati kuzatilishi mumkinligini aytgan. Mamlakatda kuchli sovuq payshanba kuniga qadar davom etishi kutilmoqda.
Ayni paytda Janubiy Koreya ham qattiq sovuqdan aziyat chekmoqda. Chorshanba kuni butun mamlakat boʻylab qattiq sovuq haqida ogohlantirishlar eʼlon qilindi.