Yaponiya va Koreya Respublikasi bilan investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlikning borishi koʻrib chiqildi

    Investitsiyalar 21 Aprel 2021 541

    Joriy yil 20-aprelda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov rahbarligida Yaponiya va Koreya Respublikasi bilan investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlikning bugungi holatini hamda oliy darajadagi tashriflar yakunlari boʻyicha erishilgan ikki tomonlama kelishuvlar amalga oshirilishini oʻrganishga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi.

    Yigʻilishda Vazirlar Mahkamasining tegishli kompleksi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Moliya vazirligi, Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi, “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” Uyushmasi hamda Energetika vazirligi rahbariyati ishtirok etdi.

    Muhokama chogʻida Oʻzbekiston bilan ushbu mamlakatlar oʻrtasidagi hamkorlik yuqori surʼatlar bilan rivojlanayotganligi, xususan, investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlik koʻrsatkichlari sezilarli darajada oʻsganligi qayd etildi. Hozirgi kunda sanoat, energetika, qishloq xoʻjaligi, sogʻliqni saqlash, uy-joy-kommunal xoʻjaligi kabi sohalarda Yaponiya bilan umumiy qiymati 6,6 milliard dollarlik 48ta, Koreya Respublikasi bilan 9,7 milliard dollarlik 60ta loyiha amalga oshirilyapti.

    Shu bilan birga, alohida loyihalarni hayotga tatbiq etish surʼatlariga tanqidiy baho berilib, ularning implementatsiyasini jadallashtirish hamda qurilayotgan sanoat va ijtimoiy obyektlarning oʻz vaqtida ishga tushirilishini taʼminlash maqsadida tegishli vazirlik va idoralar oʻrtasidagi hamkorlikni faollashtirish zarurligi taʼkidlandi.

    Har bir tasdiqlangan loyihani amalga oshirishning bugungi holati chuqur tahlil qilinib, mavjud masalalar koʻrib chiqildi va ularni hal etish chora-tadbirlari ishlab chiqildi.

    Jumladan, vazifalari loyihalar joriy etilishini nazorat qilish va har bir amalga oshirilayotgan loyiha boʻyicha tegishli “yoʻl xaritalarini” ishlab chiqish va tasdiqlash orqali ularni ilgari surish, shuningdek, loyiha siklining har bir bosqichida yuzaga kelayotgan muammolarni hal qilishda texnik yordam koʻrsatishdan iborat idoralararo ekspert guruhini tashkil etish topshirildi.

    Muhokama yakunlari boʻyicha masʼul rahbarlarga yaponiyalik va koreyalik hamkorlar bilan qoʻshma loyihalarni jadal amalga oshirishni taʼminlash yuzasidan aniq amaliy chora-tadbirlar koʻrish boʻyicha koʻrsatmalar berildi. Ushbu koʻrsatmalarning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan amalga oshiriladi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.