Bosh vazirning soʻzlariga koʻra, mamlakatda may oyining oʻrtalariga kelib infeksiyaga chalinganlar soni biroz kamaygan. Shunga qaramay, Yaponiyaning koʻpgina hududlarida bemorlarni davolash uchun joylarning yetishmasligi kuzatilgan. Ayrim aholi maskanlarida kasallik alomatlari ancha ortgan. Lekin vaziyatni hamisha nazoratda ushlab turish, toʻrt yillikning nufuzli musobaqasini koʻngildagidek oʻtkazish hukumatning asosiy vazifasi boʻlib qolmoqda.

Yaponiya axborot vositalari tarqatgan xabarlarda aytilishicha, shu kungacha fuqarolarni kovidga qarshi vaksina bilan emlash ishlari jadallik bilan olib borilmoqda. Vaksina qabul qilgan fuqarolar kunlik holatda 400 ming nafar kishini tashkil qilyapti. Bu, umumiy aholi soniga nisbatan shu kungacha 3 million kishi, yaʼni aholining 2,4 foizi kasallikka qarshi toʻliq emlangan deganidir. Mamlakatning Tokio va boshqa shaharlarida emlash markazlari tashkil etilgan. Hukumat joriy yilning iyul oyining oxirigacha 65 yosh va undan katta boʻlgan 36 million fuqaroni kasallikka qarshi vaksinalar bilan emlashni rejalashtirgan.

Bosh vazir Shuganing fikricha, mamlakatga olimpiya oʻyinlarini koʻrish uchun keladigan xorijiy turistlarga oʻyinlarni koʻrishga taqiq qoʻyilgan bir paytda bu harakatlar natijasida Yaponiya aholisining Tokio olimpiadasini bevosita stadionlardan tomosha qilish darajasiga erishish.

Eslatib oʻtamiz, Tokioda oʻtadigan olimpiya oʻyinlarining tantanali ochilish marosimi joriy yilning 23-iyulida boʻlib oʻtadi.

Toʻlqin ROʻZIYEV.