Shu yilning 21-yanvar kuni Migratsiya agentligi va Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) oʻrtasida ishlab chiqilgan “Japan Career Portal”ni rasmiy ishga tushirish marosimi boʻlib oʻtdi.
Tantanali marosimda Migratsiya Agentligi direktori Behzod Musayev va Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) prezideti janob Akihiko Tanaka ishtirok etdi.
Marosimda qayd etilganidek, ushbu portalning ishga tushirilishi ikki davlatning mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorligini mustahkamlashda muhim voqea hisoblanadi.
Bu JICAning Markaziy Osiyodagi mana shu yoʻnalishdagi birinchi loyihasi boʻlib, Yaponiyaning sanoat sektorida ishga joylashtirish orqali inson kapitali rivojini taʼminlashga xizmat qiladi.
«Umid qilamanki, Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchilardan boʻlib Oʻzbekistonda ishga tushirilgan ushbu portal Yaponiyada oʻqish, ishlash va malaka oshirish istagidagi oʻzbekistonlik yoshlarga, mutaxassislarga samarali koʻmakchi boʻlib xizmat qiladi«, — dedi JICA prezideti Akihiko Tanaka.
«Japan Career Portal» Oʻzbekiston fuqarolariga Yaponiyada mehnat migratsiyasi, taʼlim va yashash imkoniyatlari haqida ishonchli maʼlumotlarni taqdim etuvchi universal platforma sanaladi.
Bundan tashqari, yaponiyalik ish beruvchilarga oʻzbekistonlik mutaxassislarning salohiyati va kasbiy sifatlari haqida toʻliq maʼlumotlar taqdim etib boriladi.
Shuningdek, Yaponiyaning «Maxsus malakaga ega ishchi« dasturi doirasida Oʻzbekiston uchun sohalar tarmogʻini kengaytirish, yapon tili va malaka kurslari sonini koʻpaytirish, Yaponiyaning yirik ish beruvchi va rekruting kompaniyalarini hamkorlikka jalb etish masalalari ham muhokama qilindi.
Portalda oʻzbek, rus va yapon tillarida maʼlumotlar mavjud boʻlib, uni ijtimoiy tarmoqlar orqali kuzatib borishingiz mumkin.