O'zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasi ma'lumotiga ko'ra, ushbu sammit COVID-19 pandemiyasi sababli dunyodagi iqtisodiy qiyinchiliklar, ishlab chiqarishning to'xtab qolishi, davlatlar o'rtasida o'zaro qatnovlarning cheklanishi sharoitida xalqaro hamjamiyat tomonidan barqaror tarraqiyot maqsadlari yo'lida o'zaro yangi loyihalarni ishlab chiqish va fikr almashish maqsadida 2020 yildan beri tashkil qilinib kelinmoqda.

Tadbirda Orol dengizidagi ekologik muammolarga ham e'tibor qaratildi.

O'zbekistonning YAponiyadagi elchisi Muhsinxuja Abdurahmonov tadbir qatnashchilariga videomurojaat yo'llab, Orol muammosining kelib chiqish tarixi, Orolbo'yi mintaqasidagi keskin ekologik vaziyat, O'zbekiston hukumati tomonidan bu yo'nalishda olib borilayotgan sa'y-harakatlar, jumladan 2021 yil 18 may kuni BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida Orolbo'yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududiga aylantirish to'g'risida maxsus rezolyutsiyasi qabul qilingani va ushbu hujjatni amalga oshirish maqsadida 7 yo'nalish belgilangani, 2022 yilda Nukus shahrida Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan hamkorlikda «yashil» energetika bo'yicha yuqori darajadagi xalqaro forumi o'tkazilishi to'g'risida batafsil ma'lumot berildi.

Shuningdek, Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish va Orolbo'yi mintaqasini rivojlantirish borasida qat'iy harakatlar amalga oshirish dolzarbligi ta'kidlanib, Yaponiya va boshqa davlatlar vakillari ushbu jarayonda faol qatnashishga chorlandi.

Shu bilan birga, Orolbo'yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo'yicha ko'p tomonlama sheriklik trast jamg'armasi faoliyati to'g'risida maxsus videorolik ko'rsatilib, tadbir ishtirokchilari ushbu jamg'arma bilan yaqindan hamkorlik qilishga chaqirildi.

Masaaki Xirai, “G Holdings Co.Ltd” kompaniyasi rahbari, “Virtual shaharda barqaror taraqqiyot maqsadlari” bo'yicha xalqaro atrof-muhit sammiti ta'sischisi:

- Bu safargi sammit juda ham mazmunli va muvaffaqiyatli o'tdi.

Tadbirda ko'plab mamlakatlardan qator tashkilotlar vakillari va rahbarlari, yuqori lavozimdagi mansabdor shaxslar hamda talabalar qatnashib, turli mavzularda taqdimotlar va yangi loyihalar to'g'risida muhokamalar o'tkazildi.

Orol fojiasi nafaqat O'zbekiston, balki butun dunyoning e'tiboridagi dolzarb masala bo'lishi lozim, deb hisoblayman.

O'zbekiston Prezidenti ta'kidlaganidek, 2022 yilda respublikada BMTning yuqori darajadagi xalqaro forumi o'tkaziladi. Menimcha, bu juda ham muhim tadbir hisoblanib, jahon hamjamiyatining Oroldagi ekologik vaziyatga bo'lgan e'tiborini yanada oshiradi.

Orolbo'yi mintaqasida sho'rlanish bilan bog'liq muammo haqida ham xabardormiz. Hozirda biz sho'rlanishni kamaytirish bo'yicha qator izlanishlarni olib bormoqdamiz, umid qilamanki, ushbu muammoni echimiga o'z hissamizni qo'shamiz.

Biz O'zbekiston bilan atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologiya sohasida o'rnatilgan hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyormiz.