So‘nggi yillarda ta’lim tizimi, xususan, maktab ta’limini tubdan isloh qilish, rivojlantirish bo‘yicha davlat rahbari tomonidan qator hujjatlar imzolandi. Davlatimiz rahbarining joriy yil 11 - mayda imzolanagan "2022-2026 yillarda xalq ta’limini rivojlantirish bo‘yicha milliy dasturni tasdiqlash to‘g‘risida"gi farmoni va 21 - iyunda qabul qilingan “Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori mazkur yo‘nalishdagi ishlarni jadallashtirishda dasturilamal vazifasini o‘taydi.

Yuqoridagi farmonga muvofiq, 2022 - yil 1 - dekabrga qadar maktab direktori lavozimiga nomzodlarning bilim, ko‘nikmalarini baholash va baholash natijasi bo‘yicha ularga menejerlik sertifikatini berish amaliyotini yo‘lga qo‘yish, maktab direktori lavozimiga nomzodlarni menejerlik sertifikatini olish uchun Xalq ta’limi vazirligining A.Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot institutida maxsus pullik dasturlar asosida jamoada ishlash, ota-onalar bilan muloqot qilish, boshqaruv, moliyaviy hisob-kitoblarni amalga oshirish, axborot-kommunikasiya texnologiyalari ko‘nikmalariga o‘qitish belgilangan.

O‘qitish yakuni bo‘yicha Milliy-tadqiqot instituti tomonidan maktab direktori lavozimiga nomzodlarning boshqaruv sohasiga oid bilim, ko‘nikmalari baholanib, natijasi bo‘yicha menejerlik sertifikati beriladi.

Mazkur vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Xalq ta’limi vazirligining A.Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot instituti rektori Ayubxon Radjiyev xizmat safari bilan Yaponiya davlatida bo‘lib turibdi.

Yaponiyaning Sukuba universiteti prorektori Benton Caroline xonim, Sukuba universiteti qoshidagi Laboratoriya maktablari ta’lim byurosi direktori Chikako Mizouye xonim, Global tashabbuslar byurosi rahbari Fukuda Masahiro,  Gumanitar fanlar sohasi uchun Akademik xizmat ko‘rsatish idorasi direktori Ohte Shoichi, Global hamkorlik bo‘yicha direktor o‘rinbosari Kavahara Tatsuya hamda Sukuba universitetining gumanitar va ijtimoiy fanlar hamda insonshunoslik (inson hayotining falsafiy, biologik, ijtimoiy va madaniy tomonlarini o‘rganadi) fakultetlarining jami 15 nafar professor - o‘qituvchisi bilan uchrashdi.

Unda maktab direktori lavozimiga nomzodlarni tayyorlashda Yaponiya tajribasi o‘rganildi va Sukuba universiteti bilan maxsus loyihani amalga oshirib, O‘zbekiston maktab direktorlarini milliy sertifikatlash modelini ishlab chiqishga kelishib olindi.

Shuningdek, xalq ta’limi xodimlari malakasini oshirish tizimi tartibi, institut va 14 ta hududiy markazlarning asosiy faoliyati, tizimdagi muammolar, istiqbolli rejalar, xalq ta’limini rivojlantirishning asosiy ustuvor yo‘nalishlari borasida o‘zaro fikr almashildi.

Xususan, O‘zbekiston xalq ta’limi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning eng muhim bo‘g‘ini sifatida maktab direktorlarining bilimi, saviyasi va menejerlik ko‘nikmalariga alohida to‘xtalib o‘tildi. 

Uchrashuv yakunida A.Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot instituti hamda Sukuba universiteti o‘rtasida “O‘zaro hamkorlik kelishuvi” (Letter of Intent for Cooperation) imzolandi.

Ma’lumot o‘rnida: Sukuba universiteti Yaponiyaning eng yaxshi 10 ta universiteti qatorida turadi. QS World University Rankings bo‘yicha dunyo bo‘ylab 219-o‘rin va 50 yoshdan kichik bo‘lgan eng yaxshi universitetlar ro‘yxatida 13-o‘rinni egallaydi. Sukuba universitetida 3 ta Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan olim yetishib chiqqan.