Yaponiyada Oʻzbekistonning turizm salohiyati taqdim qilindi

    Niigata shahrida oʻtkazilgan “Cool Japan Expo in Niigata” xalqaro koʻrgazmasida mamlakatimizning “turizm burchagi” tashkil qilindi.

    Koʻrgazma mehmonlariga Oʻzbekistonning turizm salohiyati, xorijiy sayyohlarga yaratilgan qulayliklar, milliy kiyimlar, urf-odatlar va taomlar, shuningdek, “ziyorat turizmi” yoʻnalishi boʻyicha Surxondaryo viloyatining buddaviylik obidalari haqida maʼlumot berildi.

    Yaponiya xalqaro universiteti professori Gaku Funabashi mazkur oliy bilim yurtida koʻplab xorijlik talabalar tahsil olayotgani, jumladan, bir guruh oʻzbekistonlik yoshlar magistratura va doktarantura bosqichlarida bilimlarini oshirayotganini taʼkidladi.

    — Oʻzbekiston vakillari tashkil qilgan milliy stend koʻrgazma ishtirokchilarida katta qiziqish uygʻotdi, — dedi u. Men Oʻzbekiston, uning tarixiy obidalari, Samarqand shahri haqida juda koʻp eshitganman. Dunyoga mashhur ushbu obidalarni oʻz koʻzim bilan koʻrish uchun keyingi yil mart oyida Oʻzbekistonga safar qilishni rejalashtirganman.