Nozima Mamatova, Tokio xorijiy tillar universiteti talabasi:
-Assalomu alaykum, aziz yurtdoshlar!
Men Toshkent Davlat sharqshunoslik universiteti talabasiman. Ayni damda Tokio xorijiy tillar universitetida almashuv dasturi asosida tahsil olayapman.
Sizlarni 18 noyabr – O‘zbekiston davlat bayrog‘i qabul kun bilan chin qalbimdan muborakbod etaman. Yaponiyadagi do‘stlarimiz ham ushbu bayramni biz bilan baham ko‘rib, o‘zlarining samimiy tilaklarini bildirishmoqda.
Bugungi kunda O‘zbekiston bayrog‘i jahon bo‘ylab mag‘rur hilpirab turibdi. Ayniqsa, xalqaro maydonlarda bayrog‘imizning baland ko‘tarilishi qalbimizga faxr-iftixor tuyg‘ularini baxsh etadi, ko‘nglimizni tog‘dek ko‘taradi.
Bayrog‘imizda yurtimizning, xalqimizning obro‘-eʼtibori yuksakligidan dalolat beruvchi ramziy timsollar mujassam. Shunday ekan, sarbaland qaddimiz va qadrimiz timsolini hamisha eʼzozlaylik va boshimiz uzra baland ko‘taraylik!
Hasanjon Dodoyev, Tokio universiteti magistranti:
-Bugun davlatimiz suverenitetining ramzlaridan biri – mustaqil O‘zbekiston «Davlat bayrog‘i to‘g‘risida»gi qonun qabul qilinganiga 31 yil to‘ldi.
Milliy bayrog‘imiz xalqimizning shon-sharafi, tarixiy xotirasi va intilishlarini o‘zida mujassam etib, tinch va osoyishta, ozod va erkin hayotimiz, yorug‘ kelajagimizga bo‘lgan ishonchimiz ifodasidir.
Olis Yaponiyada taʼlim olayotgan bo‘lsak ham biz hamisha O‘zbekiston fuqarosi bo‘lganimizdan faxrlanamiz. Bayrog‘imizni yuksaklarga ko‘tarishga harakat qilamiz. Ana shunday lahzalarda qalbimizda yurtimizning hur bayrog‘i timsolida ona Vatanimizga bo‘lgan cheksiz hurmat, chuqur daxldorlik hissi jo‘sh o‘radi.
Barcha yurtdoshlarimizni O‘zbekiston bayrog‘i qabul qilinganining 31 yilligi bilan muborakbod etaman.