Davlat xavfsizlik xizmatining xabar berishicha, Andijon shahrida yashovchi, 1990-y.t. shaxs fuqarolarni Yaponiya davlatiga ishga yuborish boʻyicha ijtimoiy tarmoqlar orqali eʼlon tarqatib, koʻpchilikning ishonchiga kirgan.
Ammo, u Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi fuqaroni amaldagi tartib-qoidalarni chetlab oʻtgan holda, Yaponiya davlatiga ishlash uchun yuborish evaziga 7400 AQSH dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Boshqa holatda esa Andijon viloyatining Oltinkul tumanida yashovchi, 1995-y.t. shaxs va uning Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi, 1995-y.t. tanishi oʻzaro til biriktirib, poytaxtlik fuqaroning ishonchiga kirishadi.
Ular mansabdor tanishlari orqali fuqaroni Yaponiya davlatiga ishga yuborish evaziga 2500 AQSH dollari talab qiladi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda ulardan biri – yaʼni, Toshkent shahrida yashovchi, 1995-y.t. shaxs soʻralgan pul mablagʻini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Fuqarolardan Migratsiya agentligi hamda tegishli litsenziyaga ega 18 ta xususiy bandlik agentliklaridan tashqari, har qanday shaxslar yoki tadbirkorlik subyektlari tomonidan chet elga ishga yuborish boʻyicha bildiriladigan asossiz takliflarga aldanib qolmaslik soʻraladi.
Shuningdek, xorijiy davlatlarga qonuniy tartibda ishlash uchun bormoqchi boʻlgan vatandoshlarimiz “xorijdaish.uz“ elektron platformasidan zarur maʼlumotlarni olishlari mumkin, — deyiladi xabarda.