Dastlab Fargʻona shahridagi Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi majlislar zalida viloyat hokimining oʻrinbosari Xurshidjon Ahmedov, viloyat hokimligining Investitsiya va tashqi savdo kotibiyati mudiri Azimjon Yuldashev, shahar-tuman investitsiyalar va tashqi savdo boʻlimlari rahbarlari hamda yaponiyalik mehmonlar ishtirokida oʻtgan tadbirda viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy hamda turizm salohiyati, investorlarga yaratilgan qulayliklar yuzasidan maʼlumot berildi.
Fargʻona shahar hokimi oʻrinbosari Dilshod Omonov yaponiyalik ishbilarmonlar tomonidan avvalgi tashrif chogʻida qiziqish bildirilgan loyihalar – 300 gektarlik maydonda bunyod etilayotgan Ekoshahar loyihasi, shuningdek Fargʻona shahridagi Alisher Navoiy koʻchasida, “Tadbirkorlar uyi” yonida qurilishi belgilangan 18 qavatli zamonaviy biznes va savdo markazi hamda mehmonxona loyihasi haqida batafsil axborot taqdim etdi va yaponiyaliklarning qiziqtirgan savollariga javob berdi.
Yurtimizda, jumladan, viloyatimizda investorlarga yaratilayotgan qulayliklarga, berilayotgan imtiyozlarga katta qiziqish bildirgan yaponiyalik ishbilarmonlar oʻz tadbirkorlik faoliyatlaridan kelib chiqib, qurilish, qishloq xoʻjaligi, turizm, tekstil, oziq-ovqat, kosmetika yoʻnalishlarida hamkorlik qilish maqsadlarini aytib oʻtishdi.
Shundan soʻng ikki kunlik tashrif rejasiga koʻra, mehmonlar viloyatimizning diqqatga sazovor joylari bilan tanishish hamda yirik loyihalarni joyiga chiqib koʻrish uchun hududlarga yoʻl oldilar.